Men bilgan Shukur Xolmirzayev

05.12.08 | Xurshid

http//photoload.ru/data/67/32/71/673271cc47c1a4e77fe239ed4d28a7.jpg

Men bilgan Shukur Xolmirzayev
Author: Otash Xolmirzayev
Publisher: "O'zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasi
Publication date: Noyabr 2007


Yozning ayni chillasi... Uyga kech qaytdim. Bir piyola choy ichib, endi yotishga chog‘langan ham edim-ki, ko‘cha tarafdan darvozaning ustma-ust tarqillagani eshitildi. Chiqsam katta ko‘chaning o‘rtasida “Volga” mashinasi turar, uning yonida esa to‘ladan kelgan yoshgina yigit bilan, shlyapa kiygan Shukur aka turardi.
— Assalomu alaykum, xush kelibsizlar, — dedim mehmonlarning qo‘lini olib.

— Siz bormasangiz ham, mana, men keldim, — dedi Shukur aka meni bag‘riga olarkan, — Toshkentdan salom, qalaysiz?

— Rahmat, — dedim Shukur akani quchgancha, bola-chaqalar, do‘stu yoronlarni so‘radim.

— Bu kishi anjanlik, drama teatri rejissyori, qadrdon do‘stimiz, — dedi yozuvchihamrohini tanishtirib.

Dasturxon atrofidagi suhbatimiz odatdagidek adabiyot mavzuidan boshlandi. Shukur aka biroz xayolga tolib kichik daftarchasidan nimanidir qidirganday bo‘ldi.

— Ha, mana, baliqchilik Ismon baxshi bilan Husan Rajab o‘g‘lini bilarsiz? — dedi Shukur aka jilmayib.

— Ha, baliqchilik Imomnazar baxshi, O‘g‘il baxshilar haqida ma’lumot to‘plaganman. Bilsangiz kerak: Andijonda Hoshimjon Razzoqov degan olim bor, u kishidan ham ko‘p ma’lumot olganman.

— Men tadqiqotchilarga tasanno deyman. Agar ular bo‘lmaganda, adabiyot ravnaq topmasdi. Dostonlarni yod aytuvchi xalq shoirlarini esa ardoqlash kerak... So‘ng yana gapimiz xalq og‘zaki ijodiga borib taqaldi.

Bizning Peshqo‘rg‘on qishlog‘ida ellikdan ortiq dostonchi o‘tganini aytdim.

— Rostdanmi? — Shukur aka bir zum taajjublanganday bo‘ldi.

— Ha, hatto dostonchilik maktabi ham bo‘lgan. Kulbuqon dostonchilik maktabi orqali shakllangan, asli Jumaboy baxshidan boshlagan. Keyin 60-70-yillarda dovrug‘ taratgan Razzoq baxshi, Abduaziz baxshi, Ismon baxshi, Mamasodiq va Omon baxshi, Qo‘chqor, Suyar kabi o‘nlab baxshilar o‘tgan.

Shukur aka yana daftarchasini qo‘liga oldi.

— To‘xtang, kim dedingiz?

Men dostonchilardan o‘ntasini sanadim. U kishi erinmay yozdi, keyin ruchkasini dasturxonga qo‘yib, yana menga yuzlandi. Balki birortasi bilan uchrashtirarsiz?

— Ertaga Razzoq baxshi bilan uchrashsak bo‘ladi.

— Bu, Razzoq baxshi deganingiz qancha doston biladi? — Shukur aka o‘ychan ko‘zlari bilan men tomon boqdi.

— “Go‘ro‘g‘li” turkum dostonlarining qirqtasini, “Alpomish” dostonini mukammal biladi, undan tashqari “Yozi bilan Zebo” va “Manas” dostonidan parchalar aytadi, — dedim. Adib hayratga tushganday to‘xtab qoldi.

— Otash, meni juda qiziqtirib qo‘yding-da. Bugun uyqum kelmasa kerak yo tushimda ham o‘sha Razzoq baxshini ko‘rib chiqaman. Yaxshisi uxlaylik, soat ham bir bo‘pti-ya!

Ertalab Shukur aka barvaqt uyg‘onib, “Jahon bolalar adabiyoti” turkumida chop etilgan kitoblardan birini o‘qiyotganini ko‘rdim.

— Zap kitoblarda, shu bir yuzu besh tomning bari o‘zbek tiliga o‘girilganda edi, — dedi u yostiqqa suyangancha. — Qiziq, tuni bilan Shandor Totan, Marli Kallogen, Petr Neznakomov, Janni Rodari... Eh-he qancha ajoyib hikoyalarni o‘qib chiqdim, lekin baribir Abdulla Qahhor hikoyalariga yetmaydi.

Men tashqariga chiqdim, xayolimda sevimli adibimizning mushhur hikoyalari jonlangandek bo‘ldi. Shukur aka aytganidek Abdulla Qahhor hikoyalarida o‘zbek degan millatning o‘ziyu ko‘zi, mehr-oqibatiyu butun tabiati mana-men deb ko‘zga tashlanadi. Uning “O‘g‘ri” yoki “Anor” hikoyalarini oling. Qaysi obrazga murojaat qilmang — bu o‘zimizniki, o‘zbekning o‘zi deyishga asos bor.

Nonushtadan so‘ng Shukur akaga va’da berganimdek Razzoq baxshining uyiga yo‘l odik. Baxshining uyi qishloqning Orariq hududida bo‘lib, u yerlar adirlikdan iborat edi. Besh ming gektardan ortiq bu adirlikda qishloq aholisi bug‘doy ekar, qo‘y-qo‘zi boqishardi. Adirliklarda tekis yerlar ham anchagina edi. Bahor kelsa lolaga, ko‘m-ko‘k o‘tlarga burkanar, yozda esa oltindek qayroqi bug‘doylarga to‘lib toshardi. Qishda bu yerlar ov qilishga ham juda qulay. Shundanmi, qishda kakligu quyon, tulki ovlovchilar ko‘payardi.

Razzoq baxshining butun umri dehqonchilik bilan o‘tgan. Bir vaqtlar to‘y-tomoshalarda doston aytib, odamlar ko‘nglini xushlagan dostonchi bugun olimu talabalarning suyuklisi edi.

Razzoq baxshi Shukur aka bilan xuddi eski qadrdonidek ko‘rishdi:

— Siz to‘g‘ringizda Otash Mirzo aytib bergandi.

— Rahmat. Otash sizni mashhur dostonchi dedi, aytingchi, qaysi doston bilan mashhur bo‘lgansiz?

— “Alpomish” bilan.

— Unday bo‘lsa o‘sha bizning “Alpomish”dan eshitaylik.

Razzoq ota devorda osig‘liq turgan setorini oldi, so‘ng ancha vaqtgacha diringlatib sozladi, so‘ng xuddi otning dupurini eslatuvchi bir kuy boshladi. U shunday shiddat bilan chalardiki, bir quyun ot bostirib kelayotganday edi. Uning harakatlari yosh yigitning jo‘shishiga o‘xshab ketardi. Bir zum soz chalishdan to‘xtadi, Shukur aka bo‘lsa u kishi tomon intildi.

— Kechirasiz, bu ot tuyog‘ining ovozini qanday chiqardingiz? — deb adib setorni qo‘liga oldi. Razzoq ota oppoq soqolini silagancha kulib qo‘ydi-da:

— Xo‘p, endi “Alpomish”dan aytsam aytay, — dedi. Setorini yana bir-ikki diringlatdi-da bir termani boshlab yubordi.

Birdam aytay o‘tgan bilan ketgandan,

Yurtin suyib, qosh-qaboqda tutgandan.

Dasturxonlar yozib, katta to‘y qilib,

Shukurjonni mehmon qilib kutgandan.

Shukur aka dostonning bu holatda boshlanishini kutmagan ekanmi, bir qo‘zg‘oldi, keyin ikki qo‘lini bir-biriga urib qo‘ydi va Razzoq baxshiga termulib qoldi...

Baxshi setorini yerga qo‘yib, bir qo‘li bilan ikkinchi qo‘lini silab turaverdi. Shunda Shukur aka boshidagi shlyapasini olib, hayron qolib, dostonchiga:

— Ota, men ham she’r bitganman, ammo bugun yozuvchiman, shunday ekan men siz kabi she’r to‘qiy olmayman, agar rozi bo‘lsangiz “Alpomish”dan ozgina aytib bersangiz, — dedi.

— Ha, yashang, — dedi baxshi yana setorini olib sozlarkan, — aytsam aytay, mayli sizning hamyurtingiz, bizning ham hamqishlog‘imiz Alpomishdan aytay. U endi setorini boyagidan ham qattiqroq chaldi, keyin shiddat bilan doston aytishni boshlab yubordi.

“...Hay, shunday qilib, juda qadim zamonda, Qo‘ng‘irot degan tomonda, ota-bobolarimiz ko‘chmanchi chorvador bo‘lgan zamonda Dobonbiy degan o‘tdi...”

Shukur aka dostonni berilib tinglar, ba’zan men tomonga boqib, doston satrlarini yozayotgan qo‘limga termulgancha xayol surardi. Men qalamni dasturxonga qo‘ydim. O‘shanda kech bo‘lgandi, ammo Razzoq baxshi hamon kuylardi. Shukur aka bo‘lsa bir nuqtaga termulib turardi. Buni Razzoq baxshi ham sezdi-da setor chalishdan to‘xtadi.

— Qo‘lingiz tolmadimi, ishqilib? — dedi jilmayib baxshi. Men Razzoq otaning charchoq ko‘zlariga boqib:

— O‘rganib ketgan — dedim.

— Unday bo‘lsa ovqatga. Omonbiy taomni keltir. Xonaga kosada sho‘rva ko‘tarib, Mamasodiq baxshi kirib keldi. Shukur aka bo‘lsa qo‘lidagi ruchkasini dasturxonga qo‘yib, bir nima yodiga tushganday men tomon o‘girildi:

— Ajoyib, biz bir she’rni yod olishga qiynalamiz, bular bo‘lsa soatlab yoddan doston aytadi. Bu bir mo‘’jiza. Bunday iqtidor hammaga ham nasib qilavermaydi.

— Bu hali holva, “Go‘ro‘g‘li” dostonini Malik Murodov, To‘xtamurod Zufarov, Tamara Borovkovalar kelishganda ikki kechayu-kunduz yozishgan. Qo‘llari chidamay turib ketishgan. Yaxshiyam o‘shanda dostonni magnitafonga ham yozib olgan edik, bo‘lmasa matn chala bo‘lardi.

Shukur aka eski vassalik uyning shiftiga, keyin tokchalarga terib qo‘yilgan choynak va piyolalarga nazar tashladi, ammo u avval Razzoq baxshiga, keyin kosada sho‘rva ko‘tarib kelayotgan Omon baxshiga boqdi, go‘yo u kishini birinchi marta ko‘rayotganday turib qoldi. Omon aka buni sezdi, keyin oppoq soqolini siladi.

— Bizning Surxonda ham odamlar shunaqa sodda yashashadi, — dedi Shukur aka qo‘lidagi qalamini daftari ustiga urib, — joylaringizu hovlilar, odamlardagi soddalik xuddi bizning odamlarga o‘xshashadi. Faqat kiyimlarda o‘zgachalik bor, xolos.

O‘sha kuni Shukur aka anchagacha o‘ychan yurdi. Biroq u nimalar haqida o‘ylardi, nimalarni mulohaza qildi — bilib bo‘lmasdi. Sababi Shukur aka juda kamgap, sodda, samimiy, mulohazali, biror narsani ko‘rsa tag-tugi bilan bilishga qiziqadigan odam edi. Yana bir narsani sezdimki, Shukur aka o‘z asarlari haqida biror og‘iz so‘zlamasdi. Yoki biror kishi “falon hikoyani ja zo‘r yozibsiz-da” deyishsa, u kishi faqat jilmayar, ayrim yozuvchilar singari gapni olib qochmasdi.

Kechki payt uyga qaytdik. Toshkentdan kelgan domlalarni ham uyga taklif qildik. Qizig‘i folklor ekspeditsiyasi bilan kelgan talabalar orasida Shukur akaning qizi Surayyo Xolmirzaeva ham bor ekan. Ikki kundan beri birga bo‘ldig-u, adibimiz biror marta “siz mehmon qilayotgan domlalaru o‘ttizta talaba ichida mening qizim ham bor”, — demadilar.

Ertasiga do‘stim Sultonning taklifi bilan Qirg‘izistonning Ariqbo‘yi qishlog‘i yuqorisidagi chiroyli bir manzilga chiqdik. Havosi shu qadar musaffo ediki, ertadan kechgacha bulbullar sayrab yotardi. Baland tog‘ tomonga ketgan so‘qmoq yo‘l juda tor bo‘lishiga qaramay qoya toshlar oralab yurgan yovvoyi kiyigu hatto arslon va sherlarni ham uchratish mumkin edi. Ayniqsa kaklik ko‘p...

Qirg‘izlarning bir odati bor, ular davraga kirishsa gapdon, qo‘shib-chatishga juda usta bo‘lishadi. “Manas”chilar bilan uchrashib, dostonni kuylatib ko‘rilganda har safar yangi-yangi misralar qo‘shganliklari, hatto yetti kecha, yetti kunduz aytib ham dostonni tugata olmaganlarini kuzatganmiz. O‘z ovuli, yurti haqida birorta yomon gap aytsangiz, darrov xafa bo‘lishadi. Yana bir yaxshi tomoni yetti avlodini to‘kis bilishlarida.

Do‘stlarimiz qirg‘iz adabiyoti tugul o‘zbek adabiyoti haqida ham ancha ma’lumotga ega ekan. Matematika o‘qituvchisi Suvonqul Akimov shunday deydi: “Dunyoda ikki yuzdan ortiq davlat bor, mingga yaqin millatu elat mavjud. Ularning madaniyat darajasi ona tilini yaxshi bilishi, urf-odatlarini yaxshi o‘zlashtirganligi, ayniqsa, xalq og‘zaki ijodini mukammal bilishlari bilan belgilanadi. Shu bois qirg‘izlar “Manas” dostonini to‘la bilishi va kamida bir-ikki sahifani yoddan aytishi kerak — bo‘lmasa u qirg‘iz emas”. Men bu udumga juda havas qildim.

Shukur aka bu haqda nima der ekan, deb o‘ylab turgan edim, adibning o‘zi so‘z boshlab qoldi:

— Yaxshi gap, havas qilsa arziydi, qani endi bizda ham “Alpomish” dostonini hamma bilsa, uyida “Alpomish” dostonini “Qur’on”ni saqlagandek saqlashsa...

Kechki payt uyga qaytdik. Shukur aka o‘z taassurotlarini o‘rtoqlashgisi, ko‘rganlarini maroq bilan so‘zlagisi kelardi. Buni men Temur aka Shukur akani “Nanay” oromgohiga taklif qilgan kuni ham sezdim. Nanay tepasidagi “Ko‘ksaroy”ga borganimizda uzoq-uzoqlarga cho‘zilib ketgan tog‘lar-u zilol suvli soylardan Shukur akaning hayratiga hayrat qo‘shildi.

— Eh-he... — dedi u, — sizlarda hamma irchi, hamma shoir bo‘lishi kerak. Tumanlaringdan kimlar ijodkor bo‘lib yetishgan?

Men Shukur akaning bu savoliga javob izladim. Xo‘sh, kimlar bor o‘zi? Robitdin Ishoq, Jo‘ra Rahim, Xolmirza Yunus, Nurxon Nabijonov, Qozoqjon Mahmudov, Yusuf Qirg‘iz, Murod Aziz, Mahmudjon Ma’murov, A’loxon G‘oziev, Abdurahmon Nasritdinov. Shu nomlarni sanadimu to‘xtab qoldim. Shukur aka bu shoirlarning birortasini tanimaganidanmi, boshidan shlyapasini olib, bir zum ko‘zimga tikilib qoldi. Adib bir ko‘rgan kishiga juda kamgap odamday tuyulardi. Ilk marotaba Toshkentda uchrashganimda o‘zimga o‘zim, “juda sodda odam ekanmi?” degan savolni bergan edim. Keyinchalik esa Shukur akaning juda ko‘p qirralarini kashf qildim. Uning ichki dunyosi toza, samimiy, zukko, mehr-oqibatli inson bo‘lishiga qaramay, ammo haqni haq deydigan o‘ziga xos qaysarligi ham bor edi. “Lenin uchquni” gazetasida chop etilgan “Oq otli” qissasida qishloq bolalarining hayoti, “To‘lqinlar”da inson taqdiri, “O‘n sakkizga kirmagan kim bor”da o‘sha davr yoshlarining hayoti ishonarli tasvir etilgan. O‘shanda biz yozuvchining badiiy adabiyotdagi o‘rni haqida ko‘p bahslashgan edik.

Keyinchalik adibning “Olis yulduzlar ostida”, “Og‘ir tosh ko‘chsa” kitoblari chop etildi. Endi u maqtasa arzigulik yozuvchiga, Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, “hikoyachilikning ustasi”ga aylangan edi. Yozuvchi dilida hali yozilishi kerak bo‘lgan, oz-moz qoralab qo‘yilgan asarlar ham ko‘p edi. Bu haqda “Ko‘ksaroy” dam olish zonasida bo‘lgan kichik uchrashuvda ham aytgandi. “Bodom qishda gulladi” kitobiga kirgan hikoyalar haqida berilgan savollarga javob berayotib “bu hikoyalarga kirgan ko‘pgina voqealar qissa yoki roman bo‘lishi ham mumkin”, degandi.

Dam olish zonasidan qaytayotib, Zarkent qishlog‘iga ham qo‘nib o‘tdik. Shukur aka Zarkentning “Tegirmon” choyxonasida o‘ltirarkan, har tomondan aylanib oqayotgan zilol suvlar, mehmondo‘st o‘rtoqlardan xursand bo‘lib ketdi. Qozoqjon aka bir necha yil Namangan institutida chet el adabiyotidan dars bergani uchun bo‘lsa kerak, suhbatimiz mavzui dunyo adabiyoti sari burildi. O‘shanda gap orasida yozuvchi bir roman yozmoqchi ekani, uning nomi balki “Olabo‘ji” bo‘lishi mumkinligini ham aytib o‘tgandi.

Keyin Qozoqjon aka faxr bilan qishlog‘ini, anhorlar bo‘yida joylashgan dam olish lagerlari, o‘qigan maktabini ham ziyorat qilishga undadi. Gap orasida Mirzolim Ibrohimov, Ahmadjon Meliboev, Tursunboy Adashboevlar ham shu maktabda tahsil olganlarini so‘zladi. Shukur aka bu nomlarni eshitgach jonlandi, Qozoqjon akaning qo‘lini qayta-qayta qisib qo‘ydi. Bu menga turtki bo‘ldi. Ertasiga men qadimiy qishlog‘imiz Peshqo‘rg‘onni, uning ko‘rki bo‘lgan Baliqliko‘l va Sutlibuloq ziyoratgohlarini ko‘rsatdim. Shukur aka juda xursand edi. Nihoyat peshqo‘rg‘onliklar bilan xayrlashish oni kelganida biroz xomush tortganday bo‘ldi. “Andijon — Toshkent” poezdiga chiqayotganda esa meni mahkam bag‘riga bosdi. Keyin qandaydir mung bilan dedi: “Otash, rahmat, bu o‘tgan uch kunimdan juda roziman, sengayu barcha do‘stlarga rahmat”...

* * *

Men hayotim davomida Shukur Xolmirzaev ijodini o‘rganishga, uning har bir asarini sinchiklab o‘qishga harakat qildim. Barcha asarlarida o‘sha biz ko‘rgan, gaplashgan odamlar qalamga olinganiga iqror bo‘ldim. Ha, men bilgan Shukur Xolmirzaev o‘z xalqining suyukli farzandi, imonli va e’tiqodli inson, mehribon ota sifatida hamisha oramizda yurgandek. Uning boqiy hayoti, ehtimol, shundadir.

Ïîäåëèòåñü çàïèñüþ â ñîöñåòÿõ ñ ïîìîùüþ êíîïîê:

Ïðîñìîòðîâ: 7811
Ðåéòèíã:
  • 5