Rauf Parfiga gulchambar / Рауф Парфига гулчамбар

14.02.09 | Xurshid

http//photoload.ru/data/4b/f1/1d/4bf11d6e7819e55056ad27810e08.jpg


<b>Rauf Parfiga gulchambar / Рауф Парфига гулчамбар</b>
Author: Xurshid Davron / Хуршид Даврон
Publisher: Туркистон кутубхонаси
Publication date: 2005
Format / Quality: TXT
Language: Uzbek

http//photoload.ru/data/d8/14/4d/d8144d0d3aa72585ca8dc556159d9be2.jpg

Цитата:

RAUF PARFIGA GULCHAMBAR
(1941 - 28.03.2005)


XURSHID DAVRON
O'zbekiston xalq shoiri


Birga tug'ildik-ku, yuragim,
Nasib etganda ham mangulik -
Sen yashayver, sen meni kutma,
Men-ku ismingman xolos,
va lek,
Yuragim, ismingni unutma...

Rauf Parfi,1965 yil


O'zbekning buyuk shoiri Rauf Parfi 28 mart tunida olamdan o'tdi.Bu xabar har bitta adabiyot va millat odamini og'ir qayg'uga soldi.Bu xabaruning do'stlari,ukalari yuragini armonu pushaymonlar bilan to'ldirdi.'Asrab qololmadik!' emas,'Nega shu paytgacha bir marta bo'lsa-daholidan xabar ololmadim!' degan pushaymonlar dilimizni ezdi. Biz - xudbinlar Rauf akani borib ko'rishga emas,uning o'zi bizni yo'qlab kelishigao'rganib qolgan ekanmiz. Kim bizni kechiradi endi? Kim bizni tushunadi endi? Shavkat Rahmon o'limidan keyingi afsuslar nega saboqbo'lmadi bizga? Bu 'Nega' bir umr qiynaydi endi:
Aniq bir haqiqat shundaki,Rauf Parfiga zamondosh bo'lganimiz uchun bizning hayotimiz katta mazmun bilan boyidi, Rauf Parfiga zamondoshbo'lganimiz uchun o'zligimizni saqlashga urindik.
Buyuk shoir hayoti va ijodi bilan bu dunyodagi har bir ish,har bir so'z uchun mas'uliyatli bo'lish lozimligi haqida har bir ijodkorga saboq beribo'tdi.Ammo biz buni juda kech,ko'pchiligimiz faqat uning qabri ustida turgandagina angladik.
Nobel sohibi shoir Miroslav Miloshning bir she'rida shunday satrlar bor:

Ko'zimni asradim shon-sharafning yog'dularidan...


Rauf Parfi qabri ustida turib vijdonan iqror bo'lish kerakki,juda ko'pchiligimiz Rauf Parfiga o'xshab ko'zimizni shon-sharaf ko'r qilguvchi yog'dularidan asray ololmadik.Rauf Parfiga o'xshab yashashdan ham qo'rqdik,ham istamadik.
Rauf Parfi yolg'iz o'zbekning emas,mashhur bo'lishi jihatidan emas,mohiyati jihatidan umumdunyo shoiri edi.U Rabindranat Tagor,Nozim Hikmat,Pablo Neruda,Aleksandr Blok bilan suhbatdosh shoir edi.Uning ijodi mazmunan ikki buyuk davr-epoxani o'zida aks ettirdi va har ikki davrda ham vijdon cho'qqisidan turib dunyoga,insonga,xalqiga nazar tashladi:

Juda katta qishloq erur yer yuzi,
Butun yer yuzida do'stlarim bordir.
Do'stlar,men borimni ayamasman hech.
Kerak bo'lsa,mana,tayyorman.Meni
Unutmangiz sira,hamqishloqlarim,
Boshimni olsinlar,mayli,olsinlar.
Dunyo,men ko'tarib yuribman hamon
Sening qayg'u-g'aming bo'lgan boshimni...

Rauf Parfi ijodi go'yo an'anaviy tuyulsa-da,aslida mutlaqo yangi dunyoqarash,yangi munosabat,yangi ohang va rang bilan keskin ajralib turgan she'riyatdir.U boshqalarning emas,o'z xatolariga nisbatan beshafqat edi.Mana shu beshafqatlik boshqalarda unga nisbatan cheksiz hurmat uyg'otardi.Bunday hurmatga 20-asrning ikkinchi yarmida faqatgina Rauf Parfi muyassar edi.
Rauf Parfi har qanday tuzum mustabidligiga,zo'ravonligiga,har qanday tuzumning timsoli bo'lgan axmoq kimsalarga qarshi edi.
U orom uxlatgan imperiyada beorom yashadi,uning umri tarix chorrahasida kechdi.U chorrahadagi qizil,yashil,sariq ranglar bilan emas,har daqiqada halokat yuz berishi mumkin bo'lgan ko'chadan odamlar o'tadigan oppoq chiziqlar bilan yashadi.
Uning yuragi Turkiston edi,uning qayg'usi Turkiston edi,uning bolasi-yu ma'shuqasi,Onasi Turkiston edi.Olamga ham 'Turkiston' deb boqdi,Turkiston sari daryo bo'lib oqdi.
Rauf Parfi o'zbek she'riyatining Cho'lponday haybatli,atrofida bolalalagan katta-kichik nihollar qurshovida ko'kka bo'y cho'zgan baquvvat chinori,uning G'irot mingan Alposhidir.Men bundan yigirma yilcha avval yozgan she'rimni eslayman:

Rauf Parfi degan bir odam -
Ko'zoynakli,sochi oq darvish.
Og'ir-og'ir bosadi qadam,
Yelkasida uxlab qolgan qish.

Rauf Parfi degan bir osmon -
Og'riq -yulduz charaqlab turar.
Kahkashonmas,dardli bir doston
Ko'kda tig'dek yaraqlab turar.

Rauf Parfi degan bir daryo -
Shovullaydi tinmay hamisha.
Sahrolardan qochib chanqog'in
Qonndiradi tunda binafsha.

Rauf Parfi degan bir daraxt -
Yaproqlari za'far,sarg'argan.
Quyosh esa uning shoxidan
Har kun uchib tushayotgan barg...

'Lev Tolstoy sizga xalaqit bermaydimi?' - deb so'ragan ekan bir tanishidan Aleksandr Blok va o'zi:' Menga xalaqit beradi' deb javob bergan ekan.Rauf Parfi ham mavjudligi bilan ana shunday 'xalaqit' beradigan - yomon yozishga,insofsizligu pastkashlik qilishga xalaqit beradigan Shaxs edi.
Men mansub bo'lgan avlod uchun Rauf Parfi tom ma'noda ibrat maktabi bo'ldi.Biz undan o'rganganmiz,uning yuragimizni asir etgan satrlari bilan nafas olganmiz,uning she'rlariga naziralar yozganmiz.Uning 'Elliginchi yillarda tug'ilganlar' deb hazil qilishi, tili bilan emas,ko'zidagi mehr bilan 'Men sizlarni yaxshi ko'raman' deb turishi aslo unitilmayajak.
Olis 1981 yilni eslayman: qay fasl edi esimda yo'q,Rauf akaning navbatdagi ijaraga olgan uyida to'rt shoir to'plangan edik.Oshanda kun bo'yi Lutfixonim aya ijro etgan 'Uyg'on,bolam' qo'shig'ini eshitgan va Rauf aka da'vati bilan qo'shiq ruhi aks etgan she'r yozishga uringan edik.Bugun o'sha urinishlardan yolg'iz Rauf aka bitgan she'r qoldi:

Yolg'iz sen uxlaysan,yolg'izim,bolam,
Maysalar shivirlar,hayqiradi tog'.
Shovullar daryolar,dalalar uyg'oq,
Qasamga botirar tubi yo'q olam.

Umidning ko'zi ko'r,achchiqdir firoq,
Axir men alamman - chinqirar alam.
Bu g'olib turkuda bo'lmish edi jam
Ona yurtim,elim,toptalgan tuproq.

Uyg'on,uyg'on,bolam,uyg'ongil,ey dil,
Uyg'ondan iborat uyg'otlik dunyo.
Inon,seni o'ylab ketmakdaman,bil.

Sengadir jon bolam,mushkilot,g'avg'o,
Uyg'on,uyg'on,deya ingraydi navo -
Senga bu Vatandir,senga turkiy til.

Rauf Parfi tirikligida afsonaga aylangan shoir edi - yolg'iz ungagina yarashgan 'qiliq'lari xususidagi gaplarning o'zini bir kitob qilsa bo'ladi.
Umrinig ko'p qismini boshpanasiz o'tkazgan shoir qancha odamga,shu jumladan menga ham boshpana berdi.Birovdan mehr kutmagan yuragi faqat mehr ulashdi.Yuragi zirqiraganda ham yuzidan tabassum ketmadi.Zorlikda,xorlikda qolsa-da hech kimga yalinmadi,boshqalarni qiynashni istamadi,dasturxonidagi eng so'nggi bo'lak nonni o'rtaga qo'yib 'Qani,nozu ne'matlardan olinglar!' deya yashadi. U hatto o'lim oldi azobu iztiroblarini ham hammadan yashirishga urindi.Bir umr yurak pokligi ifodasi - tabassum kutdi,xolos:

Dunyo so'rarmidim,sendan,
Do'stim,shu daqiqa.
Shunchaki,tong nafasi yanglig'
Tabassuming kerak
Faqat.

Uning chehrasida buyuk bir qaygu buyuk bir sevinch mujassam edi,yanada ochiqroq aytsam, qayg'usini sevinchi ortiga yashirishga urinib yashadi.
Rauf aka o'limiga uning o'zi suhbatdosh shoirlar xotirasiga bag'ishlangan satrlargina ham bashariy,hamhaybatiga mos aksu sado beradi.
Daholar o'lmaydi.Ular faqat boshqa ko'zimizga ko'rinmas,qulog'imiz eshitmas beg'ubor dunyoga o'tadi.Tiriklarning qismati esa mana shu noma'lumlik sari intilish bo'lib qoladi.Dunyoda ularning izlarigina qoladi:

Xayr,meni tashlab ketgaysiz bir-bir,
Parda tushirildi,tomosha tamom.
Biroq,sahna uzra hal bo'lgan taqdir
Mening yuragimda qilmoqda davom...

Xurshid Davron


RAUF PARFIGA GULCHAMBAR



Xayr,dada,*
Biz endi ko'rishaolmaymiz dunyoda.
Bilamanki,sen tuproqda,
Bilamanki,sen -
qalbimning bag'rida
ochilgan yaproqda.
Bilamanki,mumkin emas
seni bir ko'rmoq
baxtini
tuta bilmay kuraklar-la
yer o'pmoq!
Armonim qoldi,
Xolos.
Armonimga sig'inaman.
Seni sog'inaman:
Bilamanki,mumkin emas.


Shunday og'ir hayotdan
Bunchalar yengil ketding -
Mayiting par misoli yengil.
Qush misoli uchib o'tding
yuzlab odamlarning yelkasi uzra:

Men
Olamdan
O'tdim.

Men olamdan o'tdim,
Erkalatmang o'tgan odamni.
Yelkalarda ko'tarmang.

Atrofga
O'g'rincha
Yo'talmang.

Rahmat,o'zim borardim-ku:
Ehtiyoj bormi endi tobutga?!


Seni unutib qo'yganlar -
Men,u,ular -
Dostingman,ukangman,shogirdingman deb yurganlar,
Havosiz joylarda havo sotib yurganlar
Endi qanday yashaydilar? -
Ezib yubormasmi yelkalarini -
Mayiting shunday yengil.
Go'yo uchib ketding kabutardek -
O'sha men k'organ -
Pahlavon Mahmudning maqbarasida
Bir-birini erkalab suygan
Ikki kabutarning biriday
Uchib ketding ma'shuqangni tashlab -
Mayiting shunday engil.
Qush misoli uchib o'tding
yuzlab odamlarning yelkasi uzra -
Nazarimda tobuting uchib bordi qabriston tomon -
Hamma yugurdi seni ko'tarmoq uchun,
O'zini oqlamoq uchun,
O'zini poklamoq uchun
Senga yelka qo'ymoq uchun hamma yugurdi.
Yo sen o'zing shoshdingmi
bu g'arib dunyodan tezroq ketay deb,
Hech kim eshitmagan hasratlarimni
O'sha toqu yagona
Hamdardimga tezroq borib aytay deb
Yo sen o'zing shoshdingmi? -
Qush misoli uchib o'tding
yuzlab odamlarning yelkasi uzra.
Barchamizdan baland bo'lding o'lganingda ham -
Qush misoli uchib o'tding
Ro'yi zamin ustidan.

Biz endi bu yerda
Bu yerda
Uchinchi do'stning to'la
Finjonini ichib yashaymiz.
Biz endi Ona yer - najotning
Issiq bag'riga qachon yetamiz,qachon?
Uchinchi do'stning to'la
Finjonini ichib yashaymiz-da endi.
Kimlarningdir uchinchi do'sti bo'lib qolarmiz,balki:
Uchinchi do'sti bo'lib.
Ularni o'ylab: Uchinchi do'stning to'la
Finjonini ichib yashaymiz-da endi,do'stim:


Faqat tabassuming qoldi dunyoda
Muqaddas bo'lib,
Munojot bo'lib,
Sevinch bo'lib.
G'ariblarga armon bo'lib,
Zaiflarga darmon bo'lib,
Faqat tabassuming qoldi dunyoda.
Endi ortimizdan kelgan avlodlar
Qidirib o'tajak o'sha tabassumingni.
Xotiramda emas - shundoq ko'z o'ngimda
Paydo bo'lar olis yoshlik sening qiyofangda -
Daf'atan ko'raman: bir bo'ron guvlar
Bo'rilar o'ragan bir odam ichida.
Bo'ronga yalinaman:'Menga yo'l ko'rsat!'
Bo'rilar o'ragan odamga yalinaman:'Bo'roningdan ber!'
Xotiramda emas - shundoq ko'z o'ngimda:
Qora tun ichida yolg'izlikda adashganimda
Meni olib chiqqan eding
Umrimning so'ngida bo'lishi mumkin bo'lgan
Afsuslaru pushaymonlardan.
Ortingdan qarab qoldim -
Endi men qarib qoldim.
Qush misoli uchib o'tding butun umrim ustidan -

O'sha men ko'rganim: Rum mulkida,Kuniyo shahrida
Mungli nay bo'zlab turgan maqbara hovlisida
Juftini yo'qotgan mayus musichadek uchib ketding.
Sendan buyuk ertak qoldi Muhabbat degan -
Ichingda shovullab oqqan daryolar,
Sen hech kimni kiritmagan mungli dunyolar,
Suyak-suyagingdagi bitmas og'riqlar
Endi shivirlayajak o'sha ertakni:

Bor ekan-da,yo'q ekan,
Majnunday oshiq shoir
Rauf Parfi yashagan ekan:

Bugun ko'rdim:
Ikki daraxt o'rtasida -
Archa bilan yong'oq oralig'ida
Do'ppaygan qabring ustiga
Hayot bog'laridan olib kelib
Shaftoli gullarini socharkan shamol
O'sha ertakni senga aytardi:

G'unchalar pushtirang va za'far
Zangori yaproqlar shahrida.
G'unchalar orzumdek har safar
G'unchalar qalbimning bag'rida:

Qalbimning bag'rida bir jahon
G'aroyib ertaklar aytadi.
Men qaytib kelmasman hech qachon,
G'unchalar albatta qaytadi.


31 mart,2005 yil

*Gulchambardagi qora rang bilan terilgan satrlar Rauf Parfi she'rlaridan olindi (X.D)


<img src="http://photoload.ru/data/59/c6/b9/59c6b99ecf25f2dad2c8c66eeb6ea1ba_pv.jpg" alt="Image"/>

Цитата:

SAMARQAND XOKKULARI

Buyuk Rauf Parfi xotirasiga bag'ishlayman


1

Shohizinda uzra yuksaladi oy.
Zinalardan pastga tushirar
Xazonlarni ishqdan mast shamol.

2

Afrosiyob bo'ylab kezaman -
Ko'rmaymanu yonimda kimdir
Nafas olayotganin sezaman.

3

Erta bahor. Qabriston.
Qabr uzra o'sgan qizg'aldoq
Bilan o'ynar rangin kapalak.

4

Sukunat yolg'izligi,
Yolg'izlik sukunati
Aro sarson kapalak.

5

Afrosiyob uzra oy
Balqib chiqib uyg'otdi
Siniq sopol parchasin.

6

Oy nuri jilvalandi
Qo'limdagi qadahga -
Yurakdagi qayg'uday...

7

Nega buncha zirqiraysan, dil?
Nega buncha xirasan, hilol?
Hamdard bo'lay qay biringizga?..

8

Bu o'choqda qachonlardir o't gurkiragan.
Hozir esa faqat qayg'u
Uyg'otar dilda.

9

Kechagina yer teshib chiqib
Menga nimalarni shivirlaysan
Ey ertaga so'lguvchi chechak?

10

Ey,Boburning sog'inchli bayti
Yuragimni qiynamoq uchun
Kelaverasanmi qaytib-qaytib?..

11

Shamollarga bo'ysunding
Bo'ysunding bo'ronlarga
Nega menga bo'ysunmaysan,dil?..

12

Meni qiynash shuncha rohatmi?
Labingning chetida turadi mudom
Sovuq tig'ing - nim tabassuming.

13

Oyga uzoq termilib qoldim -
Ketolmadim bir qadam bosib.
Hatto seni,ey yuragim, unutib qo'ydim.

14

Tog' shamoli,yuragimni
Olib ketgin o'zing bilan.
Shaharda olchalar gul to'kib bo'ldi.

15

Tushlarimga kirdi bahorda
Bargixazon boshlangan kunlar.
Yuragim - bezovta qush...

16

Tengdoshlari urushsa -
Nima qilishni bilmay
Ko'zyosh to'kardi o'g'lim.

17

Kimni eslayapsan, kimni sog'inding,
Ey egalari ko'chib ketgan hovlida
Necha yil gullamay gullagan olcha?

18

Afrosiyob tepaligida
Kimning nafasini yer yuziga
Olib chiqding, lolaqizg'aldoq.

19

Havo tiniq, beg'ubor.
Bulutlarning karvoni
Go'ri Mir uzra suzar.

20

Bahorgi yomg'irlar tindi -
Yarqiradi osmonda
Go'ri Mirning gumbazi.

21

Sen shunchalar rostgo'ysan,
Mana shu rostgo'yliging
Aldab keladi meni...

22

Uzoqlarga ketdi kuz -
Xuddi ma'yus daydi qiz.
Endi u qaytarmikan?

23. GUL BARGIDA SHABNAM TOMCHISI

Bunchalar chiroylisan,
Bunchalar ham shaffofsan -
O'limdan qo'rqmay qo'ydim!

24

Bog'larda bargixazon.
Hassaga suyangancha
Chol nimani kutmoqda?

25

Ostonada to'xtab qoldim.
Birinchi qor qoplagan
Yo'lak bunchalar go'zal!

26

Sen shunchalar rostgo'ysan-ki,
Yurakdagi sirlarim
Qiyin senga ochmog'im.

27. DO'STIM SHAVKAT RAHMONGA

Hamdard izlagan chog'im
To'satdan seni eslab
Zirqiradi yuragim.

28

Dardlarimni aytay deb
Seni izlab borgandim -
Derazang qop-qorong'u.

29

Kelib-kelim men hali
Senga dardim aytdimmi,
Bulutlarga yashiringan oy?!

30

Koshki meni tushunsang,
Koshki dardimni bilsang,
Mendan xafa yurgan do'st!

31

'Duk-duk' urishdan boshqa ishi yo'q -
Seni unutdi yuragim,
Tamom unutdi.

32

Olis tog'lar aro yastangan dala.
Poda boqib yurgan qo'ychuvon bola
Falakda suzib yurgan kemadan ko'zin uzmas.

33

U hayotdan to'ydi dedilar,
U sevmasdan qo'ydi dedilar -
Buyuk qalbli inson haqida.

34

Uzilgan atirgul
Hali o'lgani yo'q -
Hali bo'y taratar umidvor.

35

Qorga baribir -
Gullab turgan chechaklarni ham,
Jonsiz toshlarni ham bir tekis yashirmoqda.

36

Shaftoli gullari to'kilar
Rauf Parfi qabri ustiga -
Qanchalik mehribonsan,bahor!

2000-2005 yillar.

Поделитесь записью в соцсетях с помощью кнопок:

Просмотров: 4588
Рейтинг:
  • 5