Jo'rjiy Zaydon - Farg'ona kelini - Tarixiy roman - 1971

Author: Jo'rjiy Zaydon (Jurji Zaidan)
Arabchadan Shoikrom Shoislomov tarjimasi
Publisher: Toshkent:Adabiyot va san'at nashriyoti - 1971
Format / Quality: Pdf
Size: 1,1 Mb
Language:Uzbek-Latin
Öèòàòà:
Jo‘rjiy Zaydon (1861-Bayrut - 1914-Qohira) arab adabiyotining yirik namoyandalaridan biri. U adabiyot sohasidagina emas, balki fan va madaniyat bobida ham anchagina ishlar qildi, adabiyotshunoslik, til, falsafa, tarix, huquq, geografiya, jurnalistika, yozuvchilik — bular Zaydon qiziqqan va hayratomuz darajada samarali ijod qilgan sohalardir.
Zaydonni adabiyot olamiga mashhur qilgan uning romanlari bo‘ldi. U arab tarixiy romanchiligiga asos soldi, uni yuqori pog‘onaga ko‘tardi. Zaydonning 22 tarixiy romani bo‘lib (bularning ko‘pi o‘rta asr tarixiga oid), ular chuqur o‘rganishga, tadqiq etishga arziydi.
Zaydonning tarixiy romanlari ikki qismli «G‘asson qizi»dan boshlanadi. Bu asarni avtor 1886—1897 yillar orasida yozgan. Asar arablarning islomdan oldingi davrdagi urf-odatlari, ulardagi ichki qarama-qarshiliklar, ilk islom davri va bu dinning kelib chiqishi, islom dinini joriy etish uchun bo‘lgan kurashlar, musulmonlarning Makka shahrini egallashi, ikkinchi xalifa Umar davrigacha (634—644) bo‘lgan voqealarni, Suriya, Iroq, Eronning bosib olinishini o‘z ichiga oladi. Uning ikkinchi romani — «Misrlik Armanusa»da arab qo‘mondoni Ibn al-Os rahbarligida Misrning bosib olinishi, vizantiyaliklar odatlari, arab qo‘shinlarining jang usullari to‘g‘risida hikoya qilinadi.
Xalifalik ichida bo‘lgan ichki nizolar, toj-taxt uchun o‘zaro kurashlar, xalifa Umarning o‘ldirilishi, Alining xalifalik taxtiga o‘tirishi kabi voqealar «Quraysh go‘zali», «O‘n yettinchi ramazon» romanlarida aks etgan. «Karbalo go‘zali» romani xalifa Alidan so‘nggi qonli urushlarga, uning o‘g‘li Husaynning Karbaloda o‘ldirilishi — shialar bilan sunnilar o‘rtasidagi mazhab kurashi voqeasiga bag‘ishlangan.
Zaydon arablarning Ispaniyani fath etilishi va Frantsiya chegarasigacha yetib borishi voqealariga «Andalus fathi» va «Sharl (Karl) va Abdurahmon» romanlarini bag‘ishlagan. Shu tariqa Zaydon islom paydo bo‘lganidan keyingi har bir yirik voqeani chuqur, atroflicha o‘rganib, ularni keng o‘quvchilar ommasiga yetkazish uchun roman janrini tanlaydi. Uning «Abu Muslim Xurosoniy», «Ar-Rashid singlisi — Abbosa», «al-Amin va al-Ma’mun», «Ahmad ibn Tulun», «Abdurahmon G‘olib», «Qayruvon qizi», «Salohiddin Ayyubiy», «Dur daraxti kabi romanlari shular jumlasidan bo‘lib, VII—XII asrlar o‘rtasidagi davrni o‘z ichiga oladi.
* * *
«Farg‘ona kelini» romani IX asrda arab xalifaligida bo‘lib o‘tgan voqealarga bag‘ishlangan. Roman voqeasini yaxshiroq tasavvur qilmoq uchun tarixiy voqealarni bir lahza ko‘z oldimizga keltiraylik.
Xalifalik territoriyasida IX asrda xalq harakatlari boshlanib, ba’zi bir joylarda avj olib ketgan edi. Xalifa hukmronligini dahshatga solgan voqealardan biri Bobak qo‘zg‘oloni edi.
Bobak Xurramiy Ozarbayjon, Armaniston va Shimoli-g‘arbiy Eronda boshlangan xurramiylar harakatiga bosh bo‘lib, yigirma yildan ortiq kurashdi. Hatto xalifa Ma’munning (813—833) ham bu qo‘zg‘olonni bostirishga qurbi yetmadi. Shu bilan bir vaqtda Misrda (829—832) qo‘zg‘olon ko‘tarilib, uni bostirish uchun xalifaning o‘zi bosh bo‘lib Misrga boradi, qo‘zg‘olonchilarni qattiq jazolaydi. Bu orada ichki ziddiyatlar va taxt uchun kurashlar zo‘rayadi. Xalifalikda hatto arab qo‘shinlariga ham to‘la ishonch qolmaydi, ularning turini o‘zgartishga kirishiladi. Bag‘dod a’yonlari va qo‘mondonlarining doimiy fitnalaridan xavfsiragan xalifa, avvalo O‘rta Osiyodagi xalqlardan qo‘shin to‘plab, o‘z taxtiga tayanch qilib oladi. Dastlab bu askarlar chegara to‘qnashuvlarida asir tushgan hamda o‘sha davrda qul bozorlaridan sotib olib kelingan qullardan, keyinchalik maxsus tuzilgan qo‘shinlardan iborat bo‘ldi. Bular xalifa dargohida turib, poytaxtdagi arab isyonkorlariga qarshi kurashda, ularning qo‘zg‘olonlarini bostirishda xizmat qilgan. Bu askarlar mahalliy arab aholisi bilan aloqada bo‘lmas, hatto ularga uylanish ham ta’qiqlangan edi. Shu boisdan ham ular uchun O‘rta Osiyodan turk cho‘rilari sotib keltirib, bir qismini uylantirib ham qo‘yishardi. (Bu holat romanda ham aks ettirilgan). Xalifa bular xizmatidan yaxshi manfaatdor bo‘lgani uchun ularga yetarli maosh va mukofotlar berib turgan. Turk askarlaridan tuzilgan gvardiyaga keyinchalik shu xalqdan sarkardalar tayinlagan. So‘ngra ichki nizolardan qo‘rqqan xalifa Mu’tasim (813—843) yangi shahar Somurroni bunyod etib, turk gvardiyasiga o‘sha yerni qarorgoh qilib belgilaydi, so‘ngra poytaxtni ham unga ko‘chiradi. Lekin xalifa Somurroda ham bora-bora turk qo‘shinlari va lashkarboshilaridan xavfsiray boshlaydi. Chunki bu gvardiya boshliqlari toj-taxt uchun o‘zaro kurashlarga ham aralashib, o‘z manfaatlariga xizmat qiladigan nomzodni qo‘llashga harakat qila boshlaydilar.
Arab xalifaligiga kirgan boshqa xalqlar, hokimlar xalifalik taxtini saqlab qolishga urinishgan. Chunonchi, Ushrusana hokimi Afshin xalifalikning eng yirik sarkardasi bo‘lgan. Shu Afshin yordamida Mu’tasim akasi Ma’mun ham bostirolmagan Bobak qo‘zg‘olonini bostiradi va Bobakni Somurroga keltirib o‘ldiradi. Afshinning o‘sib borayotgan nufuzidan qo‘rqqan xalifa uning Bobakni tutib berganini ham hisobga olmaydi, xiyonatda ayblab o‘ldiradi.
Zaydonning «Farg‘ona kelini» romani ana shu voqealarga bag‘ishlangan. Bunda barcha tarixiy voqealar, shaxslar o‘zicha qoladi. Voqea Farg‘ona hokimining qizi Jahonning Zir-g‘om bilan sevgisi tasviri bilan boshlanib, tarixiy voqealarning borishiga ko‘ra, bu sevishganlar boshqa yurtlarda turli-tuman sarguzashtlarga duchor bo‘ladilar. Jahon Bobak qaroqchilari qo‘liga tushib, voqea Armanistonga ko‘chiriladi, u yerda xurramiylar bilan xalifalik qo‘shini to‘qnashuvi tasvirlanib, Bobakning qo‘lga tushishi, qatl etilishi ko‘rsatiladi. Nihoyat, roman Jahonning Iroqqa Somurroga kelishi, ikki sevishganning bir-biriga yetishuvi bilan tugaydi.
Tarixni yaxshi bilgan Zaydon tarixiy asarlar yozish, bilan qanoat hosil qilmagan. U odamlarga tarixni badiiy asarlar orqali targ‘ib qilishni, ularni tarixdan o‘rnak olishga da’vat etishni ma’qul ko‘rgan. Shu sababdan roman janrini tanlagan. Bundagi barcha qahramonlar tarixiy shaxslar bo‘lib, ba’zi birlarigina avtorning ijodiy fantaziyasi mahsulidir.
Yozuvchining o‘zi bunday deydi: «Odamlarning tarix o‘qishiga va undan foydalanishiga eng yaxshi vosita tarixni roman shaklida ommalashtirish ekanligini tajribada ko‘rdik. Bunda, xususan, ba’zi bir Yevropa yozuvchilarida ko‘rganimizdek, roman tarixdan ustun turmasligi kerak, balki tarix romandan ustun turishi va romanni boshqarishi kerak. Bu xil G‘arb yozuvchilarida shundayki, ularning tub maqsadlari roman yozish bo‘lib, uni ishonarli qilib ko‘rsatish maqsadidagina tarixiy voqealardan foydalanishadi. Bunda ular tarixiy voqealarni izohlashdan chekinib, o‘quvchilarni adashtirib qo‘yadilar.
Biz esa o‘z romanlarimizda o‘tmishdagi tarixiy voqealarga asoslanganmiz. Barcha qiziq voqealarni keltirishimizdan maqsad o‘quvchini ularga qiziqtirishdir. Tarixiy voqealar hech o‘zgartishsiz, o‘zicha olingan, sevgi qissalarini kiritishdan maqsadimiz romani oxirigacha o‘qib chiqishi uchun o‘quvchida qiziqish uyg‘otishdir».
Avtor tarixiy romanni shunday tasavvur qilgan. Rostdan ham u tarixiy voqealarni chuqur mutolaa qilgan, romandagi yirik shaxslar va ular haqidagi tavsiflar, shahar ko‘rinishlari, qal’a, daryo, ibodatxonalar, diniy e’tiqodlar, kiyim-kechak, tashqi ko‘rinishlar, ma’lum xalqning kasb-hunarlari — hamma-hammasi tarixiy kitoblardan olingan. Hatto bularni sharhlashda o‘quvchi oldida mas’uliyat sezgan va uning shubhasidan hayiqqan Zaydon roman betlarida o‘zi tayangan manbalarni ham keltirgan. Shu tariqa roman sahifalarida mashhur sharq tarixchilaridan Mas’udiy, Yaqubiy, ibn Butata, ibn al-Asir, ibn Xallikon, al-Maqdisiy, Yoqut Hamaviy kabi nomlar va ularning asarlari uchraydi.
Zaydon bu romanni yozishdan oldin O‘rta Osiyo tarixini, geografiyasini birmuncha o‘rgangan ko‘rinadi. Lekin shunga qaramay, uning ba’zi ma’lumotlari roman voqeasidan keyingi davrlarga oid ma’lumotlardir. Hatto O‘rta Osiyo territoriyasini «Turkiston» deb atalishi ham keyingi asrlarga to‘g‘ri keladi. Zaydon Sirdaryoni «Farg‘ona tashqarisidagi Toshkent daryosi» deb oladi, bu yerdagi qadimiy turkiy xalqlar tilining qanday atalishini bilmay, uni chig‘atoy tili deb oladi. Vaholanki, Chig‘atoy nomi mo‘g‘ullar davrida (XIII) yuzaga kelgan, romandagi voqea esa to‘qqizinchi asrning birinchi yarmida yuz beradi. Bunga muallifning manbalardan kerakli ma’lumotlarni topa olmaganligi va bu o‘lkalarga sayohat qilmaganligi natijasi deb qarash mumkin. Shunga qaramay, Samarqand, Buxoro, Ushrusana, Toshkent, Farg‘ona, Ozarbayjon, Armaniston, Tabariston, Shom, Yunon, Antokiya, Latakiya, Konstantinopol kabi bir qancha shaharlar haqida ma’lumotlar beradiki, bu hol o‘quvchilarning ma’lumotini kengaytirishga xizmat qiladi.
Zaydon o‘z davrining ilg‘or kishisi edi. U tarixiy voqealarni roman shaklida sharhlashda yangi, o‘ziga xos yo‘l topdi, ularning qiziqarli, sarguzashtli bo‘lishini ta’minladi.
Jo‘rjiy Zaydonning «Farg‘ona kelini» romani arab mamlakatlarida ko‘p tarqalib, juda keng nashr etilgan, fors tiliga ham tarjima qilingan edi. Bu asar birinchi marta arabchadan o‘zbekchaga tarjima qilinib, o‘quvchiga taqdim etilmoqda. Tarjimon Shoikrom Shoislomov arab tilini mukammal biladi. U ilgari arab adabiyotidan ba’zi narsalarni tarjima qilgan bo‘lsa-da, lekin «Farg‘ona kelini» tarjimonning birinchi yirik tarjimasidir.
Abdusodiq Irisov
<div align="center">
Óâàæàåìûé ïîëüçîâàòåëü, âàì íåîáõîäèìî çàðåãèñòðèðîâàòüñÿ, ÷òîáû ïîñìîòðåòü ñêðûòûé òåêñò!
Óâàæàåìûé ïîëüçîâàòåëü, âàì íåîáõîäèìî çàðåãèñòðèðîâàòüñÿ, ÷òîáû ïîñìîòðåòü ñêðûòûé òåêñò!
Óâàæàåìûé ïîëüçîâàòåëü, âàì íåîáõîäèìî çàðåãèñòðèðîâàòüñÿ, ÷òîáû ïîñìîòðåòü ñêðûòûé òåêñò!
Ïîäåëèòåñü çàïèñüþ â ñîöñåòÿõ ñ ïîìîùüþ êíîïîê:
