Aziz Nesin: Keyin xursand bo'lasiz
Keyin xursand bo'lasizAuthor: Aziz Nesin
Publisher: "O'zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasi
Publication date: Aprel 2008
Adabiyotshunoslar, ilgari ko‘p hikoya yozilgan, keyin roman yozish rasmga kirdi, deyishadi. Aslida, hozir ham romandan hikoya kam yozilmaydi. Ayniqsa, yigirmanchi asrda (undan sal oldin ham) shunday ajib hikoyalar yozildiki, yigirma birinchi asr oxirigacha o‘qish mumkin. O‘qib tugatolmaysiz ham. Bizning o‘quvchilar romanlarni qanchalik qiziqib o‘qishsa, hikoyani, qisqa hajmda bo‘lgani uchun ham, yanada qiziqibroq va chandon o‘qishadi.
O‘tgan asrda va bu asr boshlanishida turli tillardan o‘zbek tiliga necha yuzlab hikoyalar tarjima qilingan. Hozirgi o‘quvchi ularning ayrimlarini hatto eslamaydi. Shuni inobatga olib gazetamiz “Jahon hikoyalari xazinasi” rukni ostida ayrim tarjimalarni ozgina izoh bilan berib borishga qaror qildi. Bu ish o‘zbek hikoyachiligi rivojiga ham ta’sir etadi, deb o‘ylaymiz.
Tahririyat
Jahonda tan olingan buyuk hajviyot ustalaridan biri, turk adibi Aziz Nesinning hikoyalari bizda shu qadar ko‘p tarjima qilinib bosilganki, o‘quvchilar uni bir kunlar o‘zbek yozuvchisidek qabul qilishgan, desa mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bundan to‘rt-besh yil burun, hayotining so‘nggi yillarida adib nomi bir oz malomatga chulg‘andi. Biz bu ish haqmi, nohaqligini muhokama qilmaymiz (qolaversa, Lev Tolstoy ham umri so‘ngida shu holga tushgan). Biz bilmaymiz. Bunga haqqimiz ham yo‘q. Lekin aytish mumkin, u iste’dodli ijodkor, hayoti esa ancha murakkab kechgan edi. Shu bois, Nesin bir kitobi muqaddimasida, men hikoyani yig‘lab yozaman, negadir o‘quvchi kulib o‘qiydi, mazmunidagi gapni keltirgan.
Uning asosiy tarjimoni Miad Hakimov edi.
Bir gal menga Osiyo va Afrika yozuvchilari anjumanida qatnashish buyurgan. O‘shanda Aziz Nesinni “O‘zbekiston” mehmonxonasi oldida uchratganman. U bo‘yi o‘rtadan pastroq, jussasi ham o‘rtacha kishi edi. Yonida undan ham bo‘yi pastroq Miad Hakimov viqor to‘kib turardi. Miad aka uni tanishtirdi. Men qaysi tilda gaplashishni bilmay chaynalgan edim...
— O‘zbekcha gapiravur, — dedi adib.
Asarlari haqida gapirayotib, e’tibor berdim. Yuzi osoyishta, ko‘zlari muloyim, o‘zi umuman, juda oddiy, sodda edi.
Dastxat yozdirib olish uchun qo‘limda kitobi yo‘qligiga o‘kindim. Lekin bu muammoni ham u darhol hal qildi — anjuman chiqartirgan kitobchani olib, shunday dastxat yozdi:
Buyuk adib va insonning yosh bir ijodkorga munosabatidagi samimiyatni unutish qiyin. Men, Olloh uni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin, deyman.
Omon Muxtor
Keyin xursand bo'lasiz.
Hikoya
Bir-birini taniganiga uch kun bo‘lmasdanoq turmush qurishga va’dalashib qo‘yishibdi. Bo‘lg‘usi kelin durustgina oilaning qizi bo‘lib, ota-onasi juda nozikta’b odamlar ekan. Shuning uchun ham qiz yigitga:
— Uyimizga borib, chol-kampirdan ham rozilik olmasang bo‘lmaydi, — debdi.
Kuyov to‘rani so‘rasangiz, o‘zi juda mo‘min-qobil yigit, bir gapni ikki qilgisi kelmaydi, iloji boricha birovning ko‘nglini ranjitmasam, deydi. Shunga ko‘ra u:
— Juda soz, ertagayoq uyingga borib, otangdan to‘yga ruxsat olaman, — deb qizni xotirjam qilibdi.
Qiz voqeani onasiga aytibdi. Onasi ham bor gapni oqizmay-tomizmay eriga yetkazibdi. Xullas, ikkovi ertasigayoq kuyov bilan uni ichkari olishibdi. Hammalari birgalikda qahva ichishibdi, allavaqtgacha uyoq-buyoqdan gaplashib o‘tirishibdi. Ana gapiradi, mana gapiradi, deb chol-kampir rosa kutibdi, lekin yigit sira to‘ydan og‘iz ochmasmish. Buning ustiga ketishni ham o‘ylamasmish. Kech kirib, qorong‘i tushibdi. Kechki ovqatni ham baham ko‘rishibdi. Ketidan yana qahva ichishibdi. Bo‘lg‘usi kuyov hamon churq etmasmish. Og‘iz poylash bilan vaqt allamahal bo‘libdi, yarim kechada mehmonni haydab bo‘larmidi? Noiloj unga joy solib:
— Narigi xonaga o‘ta qoling, marhamat o‘rningiz tayyor, — deyishibdi.
Bir vaqt ota bundoq qarasa, yigit qizning bilagidan ushlab, o‘sha xonaga tortqilayotganmish. Cholning g‘azabi qaynab:
— O‘g‘lim, bu nima qiliq? — debdi.
Yigit esa pinagini buzmay:
— Gap bor, ota, — deb javob qilibdi.
— Qanaqa gap?
— Gap bor, dedim, bo‘ldi-da, surishtirib nima qilasiz, otaxon. Keyin xursand bo‘lasiz.
Ham gapirarmish, ham qizni zo‘r berib ichkariga tortarmish. Uning sirli gaplarini eshitib, chol-kampir indolmay qolibdi. Ikkovi boshlashib xonaga kirib ketishibdi.
— Qani, ko‘raylik-chi, nima gap bor ekan, — deb chol-kampir mijja qoqmay tong ottirishibdi.
Uning birinchi katta ishi shu bo‘lgan ekan. Ehtimol, aynan shundoq bo‘lmagandir, lekin bizga yetib kelgani shu.
Xullas, ertasiga ertalab xonadan yana boshlashib chiqishibdi.
— Qani nima gaping bor edi, ayta qol endi, — debdi yigitga qizning otasi ko‘zini yerga qadab.
— Bu yog‘idan xotirjam bo‘ling, otaxon, aslo g‘am yemang. Bir narsani bilmasak, biz gapirmaymiz. Gap bor, dedimmi, vassalom qo‘yavering, keyin xursand bo‘lasiz.
Nonushtadan keyin “endi bizga ruxsat” deb ketmoqchi bo‘lgan ekan, qiz uvvos tortib tizzasiga yopishibdi.
— Tur o‘rningdan, yig‘lama bas qil. Keyin aytaman, gap bor, o‘zing xursand bo‘lasan, — deganicha etagini qutqarib ketibdi. Bechoralar nima gap ekan, deb rosa kutishibdi-yu, lekin uni qayta ko‘rish nasib bo‘lmabdi.
Biz tushgan qamoqxonaga shu odamning o‘zidan oldin sarguzashtlari yetib keldi.
Yana bir kuni gazlama do‘koniga kiribdi-da, tokchada yotgan bir to‘p matoni ko‘rsatib:
— Manavini bir ko‘ray, — debdi.
Gazlamafurush xo‘p deb olib beribdi. U bo‘lsa matoni qo‘ltig‘iga qistirib, sekin eshikka qarab yuribdi. Molning egasi oldiniga hang-mang bo‘lib qolibdi, keyin uning mashinaga o‘tirayotganini ko‘rgach, yugurib borib qo‘liga yopishibdi. Yigit zarracha pinagini buzmay:
— Iya birodar, nega qo‘limga yopishasan? Molingni yeb qo‘yamanmi? Nega olasan emish-a, tavba. Kerak bo‘lganidan keyin olaman-da. Ha, shundoq. Ko‘p hovliqma, sabr qil. Gap bor, — debdi. Uning bosiq, qat’iy gaplarini eshitgan do‘kondor nima qilishini bilmay qoladi, xullas, u yo molidan ajrab orqaga qaytadi, yoki “nima gap bo‘ldiykin?” deganicha kalovlanib turadi. Ammo u aytgan gapning nimaligini hali hech kim bilmaydi, chunki bir marta qo‘lga tushirgan odamiga u ikkinchi qayta yo‘liqmaydi.
Bu yigitning og‘izdan og‘izga ko‘chib yuradigan hunarlari ko‘p, lekin hammasining yo‘li va usuli bir xil.
Bir kuni tramvayda konduktorni rosa boplab ketganini aytib berishdi. Toza miriqib kuldik. Voqea bunday bo‘lgan ekan.
Bir payt u tramvayga chiqibdi-da, to‘g‘ri konduktorning oldiga borib:
— Qani bo‘yningdagi xaltani menga uzat! — debdi.
Konduktor hayron bo‘lib:
— Nega endi? — deb so‘rabdi.
— Obbo sen-ey, ber degandan keyin beravermaysanmi.
— Xo‘sh, nega berar ekanman?
—Tag‘in so‘raydi-ya. Bitta aytdim, bo‘ldi-da. Sen menga beravergin, gap bor, keyin xursand bo‘lasan.
Konduktor hayron bo‘lganicha bo‘ynidagi xaltani yechib beribdi. U ham pul to‘la xaltani olib, shoshilmay tramvaydan tushibdi, keyin bitta-bitta qadam tashlab ketaveribdi. Buni qarangki, na yugurarmish, na bir yoqqa qocharmish. Hammaning og‘zi ochilib qolibdi.
Ana shu odam oxiri qamoqqa tushdi. Chuvakkina bir kimsa ekan. O‘zi o‘ttiz beshlarda bo‘lsa ham ko‘rgan odam yigirma beshlarga borgan, deydi. Ko‘zlari naq igna teshigidek, o‘zi mug‘ombir. Unchalik gapdon emas. Umumiy kamerada ikki kungacha ovozi chiqmay yurdi.
Kelganining uchinchi kuni hunarini ko‘rsatdi.
Mahbuslardan birini ko‘zining ostiga olib yurgan ekan, to‘g‘ri oldiga borib:
— Qani, menga ellik lira uzatvor-chi, — debdi.
— Nega beraman?
— Cho‘zaver, ishing bo‘lmasin.
— Negaligini bilsak bo‘ladimi?
— Tavba, negaligi bilan nima ishing bor. Ber degandan keyin beravermaysanmi, oshna. Qani, uzatavergin, gap bor, keyin xursand bo‘lasan.
U ham “nima gap bor ekan?” deb qiziqib qolib, ellik lirani qo‘liga sanab beribdi.
Bu voqeadan o‘sha kuniyoq hamma xabardor bo‘ldi. Muhbuslar ham, soqchilar bilan qamoqxona boshlig‘i ham buni eshitib rosa kulishdi.
Qamalganiga hali bir hafta bo‘lmagan edi, to‘satdan g‘oyib bo‘ldi. Qamoqdan qanday qochganini biz keyin eshitdik. Ma’lum bo‘lishicha, kechga yaqin navbatda turgan soqchining oldiga borib:
— Qani, eshikni och, — debdi.
Gapni do‘ndirib gapirganga nima yetsin. Agar boshqa odam kelib shunaqa desa bormi, soqchi tumshug‘iga aylantirib bir tushirgan bo‘lardi. Lekin buning vajohatini ko‘rib:
— Ochsam nima bo‘ladi? — deb so‘rabdi.
— Ochgin, keyin ko‘rasan. Gap bor.
Soqchi kamera eshigini ochibdi.
— Mana endi bu yoqqa yur!
Soqchi uning ketidan tashqari hovliga chiqibdi.
— Endi bu darvozani och!
— Nimaga?
— Aytgan ishni qilaver, so‘rab nima qilasan. Ochaver, gap bor, keyin xursand bo‘lasan.
Soqchi darvozani ham ochib beribdi. U nima gap borligini sabrsizlik bilan kutayotgan soqchiga qo‘lini silkib hay-yu hayt deb jo‘nab qolibdi.
Turkchadan Miad HAKIMOV tarjimasi
Ïîäåëèòåñü çàïèñüþ â ñîöñåòÿõ ñ ïîìîùüþ êíîïîê: