Chinorgul
ChinorgulAuthor: Tinimboy Nurmugambetov (Qozog'iston)
Publisher: "O'zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasi
Publication date: 26 Sentabr 2008
Tushdan so‘ng quyosh battar qizdira boshladi. Tashnalikdan cholning tomog‘i qurib-qaqrab qolayotir. Yaqin-orada buloq ham yo‘q. Aksiga olib hali tuyog‘i qotmagan, kechagina tug‘ilgan buzoqcha oyoqlari mayishib, dovdiraydi, yurishga yaramaydi. Biroq chol uni ayab o‘tirmaydi, arqonni tortib sudraydi. Tashnalik va ochlikdan diydasi qotgan, buzoqcha o‘lib qoladi, deb ham o‘ylamaydi, yovshan bosgan so‘qmoqdan sudragani sudragan.
Bu holga Muqa chol beparvo esa-da, Oymo‘giz chidolmadi. “Mo‘-mo‘”lab bo‘ynini burgancha buzog‘i ustiga engashdi. Cholning ahvoli ham hozir buzoqchanikidan battar edi. U qo‘lini pana qilib, atrofga razm soldi. Sarobdan o‘zga narsani farqlab bo‘lmasdi. Axir, bu o‘zi tug‘ilib o‘sgan joy-ku, hech bo‘lmasa, hozir qaerdaligini tusmollar. Hov anov qirning ortida o‘tgan yili mol fermasi bor edi. Ehtimol, hozir hech kim qolmagan, hamma ko‘chib ketgandir. Biroq buloq bo‘lishi kerak. Muqaga shu topda bir qultum muzday suv katta armon.
Chol biroz tetiklashgan buzoqchani oldiga solib, qirga o‘rladi. Tepalikka ko‘tarilganda fermaning qorasi ko‘rindi: uzun qo‘ralar, tsement oxurlar... Yetti-sakkiztacha uy. Ayrimlarining tomi, eshik-derazasi ko‘chirib olingan. “Hamma ko‘chgan. Tashlab ketishgan”, o‘yladi chol ichida kuyunib. Biroq kutilmaganda chordevorlar orasidan bir it vovullab chiqdi. Cho‘ponning iti, qashqirga o‘xshaydi. Vajohat bilan irillab kelayotgan itni ko‘rib, Muqaning quti o‘chdi. Shu payt chetdagi uyning eshigi ochilib, boshiga oq ro‘mol tashlagan kampir chiqib bor ovozi bilan itini chaqirdi. “Xayriyat, odam bor ekan, — chol boladay suyunib ketdi. — O‘zingga shukr, Xudoyim”. U sigir-buzoqqa ham qaramay, otining boshini uy tomon burdi. Yaqinlasha turib kampirni taniganday bo‘ldi: “Ko‘zimga issiq ko‘rinyapti...”. Muqa ko‘zini uqalab, tikilibroq qaradi. “O‘sha... E, xudo, bu Chinorgul-ku! O‘zimizning Chinorgul. Haliyam shu yerda ekan-da...” Xursand bo‘lib ketgan Muqa uyga yaqinroq borib, otidan tusha boshladi.
Chinorgul unga qarab turdi. Tanimadi chamasi, Muqa otini qoziqqa bog‘laguncha miq etmadi. Chol otini bog‘lab, yaqin kelgandagina kampirning yuzi yorishganday bo‘ldi: tanidi chog‘i, cholga peshvoz chiqdi. Ich-ichiga kirib ketgan horg‘in ko‘zlarida nur uchqunladi.
— Muqamisan? Xudoyim-ey, o‘ngimmi yo tushimmi? — Chinorgul cholning qo‘lidan tutdi.
— Omonmisan, Chinorgul? — deya oldi Muqa zo‘rg‘a. Uning gapirishga holi qolmagandi.
— Axiyri keldingmi? Meni ham eslaydigan odam bor ekan, hartugul, — davom etdi kampir. — Unutib yuborishgandir, deb yurardim. Xudoga shukur... ming qatla shukur! Meni izlab kepsan-da.
Ular uyga kirishdi. Muqa to‘rga chiqdi. Qavatida o‘tirmasa ayrilib qoladiganday Chinorgul Muqaning yoniga cho‘kdi. Chol to‘rt-besh yil burun Chinorgulning yolg‘iz o‘g‘li traktor tagida qolib o‘lganini eshitgandi. U Chinorgulga og‘ir burilib qarab, ko‘ngil so‘radi:
— Qayipbegingdan ayrilibsan, Chinorgul. Joyi jannatda bo‘lsin. Xudo sabr bersin.
— Muqa, Qayipbegimni aytayapsan-da, ha, anglab turibman. Ha, qoqbosh bo‘lib qoldim, Muqa. Yolg‘izimdan ayrilib qoldim...
Cholning qo‘lini mahkam siqib ushlagan ko‘yi Chinorgul ho‘ngrab yig‘ladi.
— Nima deyayotganingni eshitayotganim yo‘q. Qulog‘im tom bitgan. “Qayipbeging endi yo‘q!” Mening oxirgi eshitgan gapim shu bo‘ldi, shu gap meni bu dunyodan uzib qo‘ydi. Birov bilan gaplashmaymanam. “Tiq” etgan tovush yo‘q. O‘zim eshitmay qo‘ydim bu dunyoning tovushlarini. Eshitgim kelmaydi. Nimasini eshitaman? Baribir endi Qayipbegimning ovozi o‘chdi, uning kulganini, gursillab yurishlarini endi eshitmayman-ku. Shukr, meni kar qilib qo‘ygan Egamga shukr.
Yolg‘izlik mushtipar kampirni tiriklikdan bezdirgan, chog‘i. U anchadan beri yuragini bo‘shatmagan ko‘rinadi...
* * *
Chinorgulning eri Qaulen Muqa bilan tengqur edi. Bolalikdan do‘st edi ular. Bir vaqtda uylanishdi. Bir paytda farzand ko‘rishdi. Taqdir ato etgan baxtdan masrur bo‘lib yurganlarida urush boshlanib qoldi. Frontga ham birga otlanishdi. Boshida bir frontda jang qilishdi. Keyin ajralib ketishdi. Urush tugashidan bir yil burun yelkasidan yaralangan Muqa qaytib keldi. Yozning qoq o‘rtasi edi. Tuman markazida poezddan tushib, ot-ulov kutishga ham sabri chidamay ovulga ayov qaytdi. Bug‘doyga o‘roq tushgan palla, yo‘l bo‘yi ayollarga ko‘z solib bordi. Daneker bilan Chinorgul o‘roq o‘rib yurishgan ekan, yugurib peshvoz chiqishdi. Danekerning quvonchi cheksiz edi — kuyovining bo‘ynidan mahkam quchib olgan, sira qo‘yib yuborgisi kelmasdi. Boshqa payt Chinorgul kulib yuborardi, dugonasi o‘lgudek sog‘ingan ekan!..
Chinorgul ham boshini Muqaning ko‘ksiga qo‘yib: “Bizning Qaulenni qaylarga tashlab kelding? Kimga tashlab kelding, Muqa!”, deb yig‘lab yubordi. Ugina emas, o‘roqchilarning bari ko‘ziga yosh olishdi. Chinorgul Qaulenni uzoq kutdi. Urush tugab, frontga ketganlar qaytib kelgandan so‘ng ham u umidini uzmadi. Eshikning “tiq” etganiga, itining hurgani-yu, qadam tovushiga ham umidlanib ko‘z tikib yotdi. Xat tashuvchining yo‘lini poyladi. Yo‘q. Qaulen qaytmadi. Bedarak ketdi.
Urushdan so‘ng ham ular Toltug‘anda yonma-yon yashashdi. Chinorgul muomalali, ochiq ko‘ngil ayol edi. Ovulda hurmati bor edi. Ayniqsa, Daneker bilan oralari qalin edi, xuddi opa-singilday. Ishda ham, uyda ham doim birga.
Ishchanlikda Chinorgulga yetadigani yo‘q edi kolxozda. Yelib-yugurib yolg‘iz o‘g‘li Qayipbekni odam qildi, elga qo‘shdi. Danekerning qazosidan uch yilcha burun Qayipbek fermaga traktorchi bo‘lib ishga joylashgach, Chinorgul o‘g‘li bilan Toltug‘andan bu yerga ko‘chib kelishdi. Muqa uni Danekerning azasida ko‘rgani. Ko‘z qiymas dugonasining janozasida ko‘z yoshini selday oqizganlardan biri shu Chinorgul. Hayotda g‘am ko‘raverganidanmi yo fe’li o‘zi shunaqami, Chinorgul aytib yig‘laganida diydasi tosh odamlarning ham ko‘ngli buzilib, ko‘zlari namlandi.
Toltug‘andan ko‘chib ketishganidan buyon Muqa Chinorgulni ko‘rmagan edi. Ko‘rmak tugul, bir og‘iz xabar ham eshitmagandi. Ko‘p narsa o‘zgarib, unutilib ketarkan. Ko‘rgan-kechirganlaring ham asta-sekin xayoldan ko‘tarilarkan. Muqaga qolsa-ku unutmasdi-ya, lekin nachora, hayot hammani shu ko‘yga solib qo‘ydi-da... Mana, oradan o‘n ikki yil o‘tib, Chinorgul bilan yana diydorlashib turibdi.
* * *
Chinorgul ko‘p yig‘ladi. Ko‘nglidagi dardini to‘kdi. Muqa taskin berib, yupatishga urindi. O‘zining ham ko‘zlari yoshlandi. So‘ng Chinorgul yengi bilan ko‘zlarini artib, o‘rnidan turdi. Obtoba va dastsho‘y olib kelib, cholning qo‘liga suv quydi, sochiq tutdi. Dasturxon yozdi. Muqa boshidagi bo‘rkini olib tokchaga qo‘ydi. Choponini yechmoqchi bo‘lib, belidagi belbog‘ini bo‘shatgandi, bir hovuch o‘rik shov etib ko‘rpachaga to‘kildi. Orasida ba’zilari ezilib qopti. “Ko‘rpachani bulg‘adim-ov”, deb o‘riklarni terib olayotgandi, xonaga Chinorgul kirib keldi.
— Xudoyim-ov, bular o‘zingizning bog‘ingizning o‘rigimi? Haliyam meva solarkan-da-a?.. Voy, sadag‘ang ketayin... Xudoyim bersa rizq ado bo‘lmasakan-da. Haliyam tip-tiniq, top-toza, har qaysi chaqaloqning mushtiday, qara! Sap-sariq, oltin, oltin!
Chinorgul o‘rikdan bittasini olib og‘ziga soldi: “Ta’miyam burungiday. Bol, bol!
— Muqa, yeb ko‘rdingmi o‘zing? Sen to‘yguncha yeb qaytgandirsan. Eh, bir xumoridan chiqayin-a.
Chinorgul o‘rikni quvonib chaynadi, chiroyi ochilib ko‘zlarida nur uchqunladi. Muqa bir dona o‘rikni olib dasturxon chetiga artayotanda Chinorgul:
— O‘rikni artganing nimasi. O‘rik kir bo‘lmaydi. Daneker ikkovimiz mazasi ketib qoladi, deb yuvmay yerdik, — dedi.
Muqa o‘rikni og‘ziga soldi, hech qanday o‘zgacha ta’m sezmadi. Qaytanga og‘zining ta’mi qochdi. Biroq Chinorgulga sir bermadi.
— Shirin ekan, — deb qo‘ydi.
— Esingdami Muqa, Daneker bilan kelinchak paytlarimiz tolning soyasida kun bo‘yi o‘tirib yong‘oq chaqardik. Shunda Qaulen ikkoving: “Senlarni yong‘oq chaqib o‘tirsin, deb olganimiz yo‘q”, deya koyirdinglar. Bu bizga biram xush yoqardi-ey. Kulib qo‘yardik. O‘sha kezlar juda baxtliydik... G‘am neligini bilmasdik. Umr doim shunday — o‘yin-kulgi bilan o‘tadi, deb o‘ylarkanmiz-da. E, taqdiri qursin...
Chinorgul ko‘nglini ochib o‘tgan-ketganlar haqida so‘ylar, og‘zidagi o‘rikni mazasini tatib, huzur qilib chaynardi. U yana bir dona o‘rikni og‘ziga solayotib:
— Muqa, qolganini belbog‘ingga tugib ol, — dedi. — Bolalaringga oborasan. Ularning ham og‘zi tegsin. Uylanganingni eshituvdim. Qutlug‘ bo‘lsin! Undanam farzand ko‘rgandirsan? Ol, tugib olib oborgin, ota makonlarining o‘rigi-ku!
Shunday deb u ichkari xonaga kirib, top-toza oq chit olib chiqdi. O‘rikning qolgani ko‘p emas, shu bois cholning ko‘nglidan: “Buning nimasini ovulga olib boraman?”, degan o‘y kechdi. Biroq Chinorgulning ra’yini qaytargisi kelmadi.
Muqa u bergan chitga qolgan o‘rikni tugib, chakmonining cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Birozdan keyin Chinorgul choy keltirdi. Tashnalikdan tanglayi qurigan Muqa terlab-pishib choy ichdi. Dasturxondagi yumshoq non, sariyog‘dan totindi. Chanqog‘i bosilgach o‘zini tetikroq sezdi. Chinorgulni gapga solib, gurunglashib o‘tirgisi keldi-yu, kampirning kar bo‘lib qolgani esiga tushib, o‘y surib qoldi. Yana Chinorgulning o‘zi gap boshladi:
— Yolg‘iz qoldim, Muqa. O‘tgan yili sening Beljigiting butun fermani ko‘chirib olib ketdi. Mana buyoqda, ikki qir naridagi qo‘shni sovxoz yerida ekin ekadi. O‘sha yerga borib turaman. Qand-choyni ham shulardan sotib olaman.
Muqa bosh irg‘ab, uning gaplarini ma’qullagan bo‘ldi.
— Qayipbekning yilini bergandan so‘ng kelinim qarindoshlarinikiga ketib qoldi. Qaytayin, qol deyolmasam. Qayipbekdan bola ham tug‘madi... Tuqqanida shu yerda qolarmidi, kim bilsin? Manglayimga yozilgani shu ekan-da. Ne qilay? Yig‘lab-siqtab qolaverdim. Tashlab ketding, deb qarg‘aganim yo‘q. Oq fotiha berdim. “Ko‘z ochib ko‘rgan bo‘sag‘ang, qulunim, unutib yuborma!”, dedim. U ham yig‘lab-siqtab xo‘shlashdi. Nima qilsin?
Chinorgul piyoladagi choyidan xo‘plab, gapida davom etdi:
— Shunday qilib, hammani kuzatib, Alipsoq ikkov qoldik. Uni boya ko‘rding-ku, jo‘n it emas u. Meni tashlab uzoqqa ketib qolsa ne qilardim? Yig‘lab qolaverardim-da. Bu qoq boshim nelarni ko‘rmadi. Ko‘nardim, bungayam... Yo‘q, tashlab ketmas, Xudo biladi yanayam, harqalay tashlab ketmaydi. Men o‘lgan kunim qirning boshiga chiqib, uvlab yotadi hali...
Muqa dasturxon chetini buklab-yozib Chinorgulni unsiz tingladi. Choy ichilib, tashqariga chiqdi. Kun og‘ib qolgan, havoning hovuri bosilib, salqin tusha boshlabdi.
— Bugun dam ol, ertaga barvaqt ketarsan. Soya betga to‘shak solib qo‘yaman, — dedi Chinorgul bo‘shagan samovarni ko‘tarib chiqayotib.
Muqa bosh silkib, “ma’qul” ishorasini qildi! Oymo‘giz buzog‘i bilan eski qo‘raning soyasida ekan. Buzog‘i totqilab uning yelinini emib yotibdi. Muqaning yaqin kelganini sezmadi ham. Oymo‘giz boshini burib qaradi. Muqaning ortidan Chinorgul ham ular oldiga keldi.
— O‘zimizning Oqsigir zotidan-ku. Yelini to‘la sut bo‘lardi-ya. Bir sog‘ganda Danekerning chelagi to‘lib, arang uyga ko‘tarib ketardi.
Chinorgul Oymo‘gizning sag‘risini siladi.
— Daneker Oymo‘gizni sog‘a olibmidi, o‘zi? Aytmoqchi, biz Danekerning qirqiga borganimizda shu — birinchi buzoqni tuqqandi-ku, a. E, jonivor-e... Yeliniga qo‘l cho‘zish nasib etmadi Danekerga. “Oymo‘gizim ham Oqsigirdan kam bo‘lmaydi, qaytanga undan sutliroq bo‘ladi”, deguvchi edi.
Chinorgulning mayin qo‘li terisiga tekkanda Oymo‘giz burilib, unga qarab turdi, silayotganda esa bezovtalanmadi ham.
Chinorgulning ko‘zi buzoqchaga tushdi: “Hoy, arzanda-ey, buncha tirg‘almasang! Hech yelindan ayrilging kelmayaptimi? Tortqilaganini qara-chi, uzib oladi, chog‘i”.
Uning qo‘li tekkanda buzoqcha og‘zini yelindan bo‘shatib, ortga tisarildi. “Buzoqchaning bo‘ynini arqon qiyib ketibdi-ku, Muqa?! Xudoyim-ey, endi oyoqlagan buzoqchaga ham shuncha jabr qiladimi? Bo‘yniga qil arqon solganing nimasi?..”
Chinorgul Muqaning ishidan ranjib, kuyib-pishib gapirgancha uyga kirib ketdi.
Muqa otini o‘tloqqa qo‘yib yubordi. Qo‘l-oyog‘ini yozmoqchiday u yoq-bu yoqqa yurdi. Birozdan so‘ng uy oldidagi tol soyasiga to‘shalgan ko‘rpachaga cho‘zildi. Ikki kun sigir axtarib oyoqdan qolgan ekan, boshi yostiqqa tegiboq ko‘zi ilindi.
Chol soyalar uzayib qolganda uyg‘ondi. Yostiqdan boshini ko‘targanda o‘zini xiyla tetik his etdi. Qorni ochganini sezdi. Chinorgulning ovqati tayyor ekan.
Qo‘lini yuvib, dasturxon boshiga o‘tirdi. Chinorgul tovoqni to‘ldirib ovqat suzibdi, bir emas, uch-to‘rtta kishiga yetgulik.
— Qo‘y so‘yib siylashim kerak edi, Muqa. Tuyoqlarning barini yaqinda ovulning chorvasiga qo‘shib yuborib edim. Borib kelishga menda oyoq qayda deysan, qarichilik. Senga qo‘y so‘ymasam, kimga so‘yaman. Sendan ortiq mehmon bormi menda. Xudoyim-ey, oylab, yillab yo‘lingga ko‘z tutdim... Ko‘nglimni uzmadim. Yaxshi-yomon kunlarni birga tatigan tengdoshim-ku, nima bo‘pti, o‘lgunimcha bir xabar olar, deb yurgandim. Xudoga shukr, axiyri kelding... Ovqatdan ol, Muqa. Yigit kezlaringda Qaulen ikkoving bir tovoq go‘shtni ko‘rdim demasdinglar. To‘ymay qolsanglar Daneker ikkovimiz aybdorday damimizni ichimizga yutardik. Kishi bilmas yo‘qchilikdan nolinardik. Xudoga shukr, hozir irkitga it qayrilib qaramaydigan zamon-ku. Ol, Muqa. Yigit kezingdagiday bir yegin-chi. Ana shunday. Seni ko‘rib, men Qaulenimni eslayin, qavatingda birga-birga non-tuzni bo‘lib o‘tiribdi, deb o‘ylayin.
Muqa rosa ochiqqan ekan, shuning uchun go‘shtni ishtaha bilan chaynadi. Baribir yetmishni qoralab qo‘ygan cholning yegani nima bo‘lardi. Ikkovlashib tovoqni yarim qilisholmadi. Ovqat ustidan bostirib choy ichishdi. So‘ng Chinorgul eshik oldidagi so‘riga Muqaga joy soldi.
Idish-tovoqlarni yuvib-yig‘ishtirgach, Chinorgul Muqa yotgan so‘ri chetiga kelib o‘tirdi.
— Uxlab qoldingmi, Muqa?
Muqa uxlamaganini sezdirib qo‘zg‘alib qo‘ydi.
— Kindik qoning to‘kilgan yerning havosidan huzur qilayotgandirsan? Senlar tomonda kun issiq bo‘ladi, chivin-chirkaylar ham g‘o‘j-g‘o‘j deyishadi.
Chinorgul rost aytadi. Kunduzi chivin, oqshom pashsha talaydi... Muqa unsiz tin oldi. Umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygani, talay yil birga yashagan xotinining, ota-onasining qabrlari boshiga borib Qur’on o‘qishni ko‘ngliga tukkandi, borolmadi. Shundanmi, dili xijil bo‘lib, yuragi siqildi. Hartugul Chinorgulning eshitmaganiyam tuzuk. Cholning javobini kutib o‘tirmay yana gapiraveradi.
— Nimasini aytayin, burnog‘i yil ko‘klamda, birovlar direktor kelarmish, dedi. Beljigitning shu sovxozga direktor ekanini bilaman-ku. Chinini aytsam, yuragim tars yorilgudek quvondim. Qayipbegim bilan ikkovi bir yil, tengdosh-da. “Aylanayin, Qayipbegim bilan birga o‘ynab-kulgan joylarini bir ko‘rgisi kelgandir, ko‘ngil so‘rar”, deb o‘yladim. Suruvdan qo‘y saylatib obkeltirdim. Bolaligida bizning Qayipbek ikkovi qo‘rga pishirilgan tova nonni talashib yeyishardi. Shuni esiga solayin, deb Beljigitga deb kulcha ham pishirib qo‘ydim.
Bir mahal: “Direktor keldi, direktor keldi”, deb to‘pirlashib, yugurgilab qolishdi. Tashqariga chiqib cho‘zilib qarasam, qo‘ra yonida mashinasidan tushayotgan ekan. Tanidim. Bolalaring o‘zingga tortgan, qoruvli, bo‘ychan. Darrov tanidim. Mashinasidan tusha solib bizning uyga qarab yurganday bo‘ldi. Shoshilib, uyga kirib ketdim. Daneker Beljigitni Beljon deguvchi edi. Beljonni uyimning bo‘sag‘asida kutay, dedim. Qayipbek bilan, tepishib katta bo‘lgan, bag‘rimga bossam Qayipbegimning isi kelar, deb o‘yladim. Kutdim, kutdim, yo‘q, kelavermadi, Tashqari chiqdim. Qarasam, boya yugurgilab yurganlar tarqashyapti. Hay-haylab: “Beljon qani?”, deb so‘radim. Kimdir: “Beljoni kim? Direktorni aytayaptimi? U ketib qoldi-ku”, dedi. Ichim muz qotganday bo‘ldi. Uyga sudralib qaytib kirdim. Bundan ortiq azob, xo‘rlik bo‘lmas ekan, Muqa. Uyga kira-kira ho‘ngrab yig‘lab yubordim... Muqa, men mushtipar yig‘lamay kim yig‘lasin, o‘zing ayt-chi... Keyin bilsam u mendan ko‘ngil so‘ragani emas, fermani ko‘chirib, meni esa bu yerda yolg‘iz tashlab ketgani kelgan ekan.
Muqa hech qachon bunday noqulay ahvolga tushmagandi. Bezovtalanib ko‘rpasini yelkasiga tortib, yonboshladi. Chinorgul hasratini to‘kib solayotganda cho‘zilib yotishga iymandi.
— Toltug‘andan ko‘chib ketgan kezlarda ko‘nikolmay, ancha payt sizlarni qo‘msab yurdim. Elga elakishib, asta-sekin yangi joyga, odamlarga ko‘nikdim. Qayipbekni uylantirdim. Qo‘l yetgancha to‘y qildim, ovuldagilar o‘ynab-kuldi, yaxshi tilaklar tilashdi. Endi o‘ylab qarasam, bu yolg‘onchi dunyodagi ko‘rganim o‘sha kunlar ekan. Bir davron ekan-da. Yuragim yorilgudek quvonib yurardim, biroq buni ham Egam ko‘p ko‘rdi...
Qayipbegimdan ayrilib, qovurg‘am mayishganda, negadir sizlarni qo‘msadim. Danekerni o‘yladim, seni o‘yladim. Muqaga ne bo‘ldi, nega kelmaydi, deb xavotirlandim. Yopirim-ay, eshitmadimikan? Nega eshitmaydi? Yetti yot begona bo‘lib ketganida ham, yeru ko‘kka yetgan hasratu nolamni guvlab esgan shamol yetkazmadimikin? Mening ko‘z yoshlarim oq yomg‘ir bo‘lib derazangni chertmadimikin? Yetkazgan chiqar!.. Chertgan chiqar!.. Shundayam miq etmadingmi? Qanday chidab turding? Nega kela qolmading, Muqa... Nega? Bir kunlik yo‘l edi-ku. Yo, xudo, bolangning moshinida g‘iz etib kelib-ketsang bir sut pishgulik vaqt ketardi-ku. Men sho‘rmanglayni yupatib ketarding... Mayli, meniyam qo‘ya tur: yaratgan Egamning bir bandasi o‘ldi-ketdi.
Xo‘sh, biz, o‘zimiz nega bir-birimizni unutib qo‘ydik? Nega begona bo‘lib ketdik? Bir-birimizga talpingan, mehr to‘la, ko‘rmasa turolmaydigan ko‘ngillarimizga ne bo‘ldi? Muqa, ularni qayga ko‘mdik? Qayda yo‘qotdik?
Muqa churq etmay yer chizib o‘tirar, qaniydi bir yoriq bo‘lsaydi, kirib uyatdan ko‘rinmay ketsa. U o‘zidan o‘tganini o‘zi bilardi. Chinorgulning bir nafaslik sukuti unga bir yilday tuyuldi, Chinorgulning gapirishini betoqat kutdi.
— Daneker tirik bo‘lganida kelarmidi, kelmasmidi — Xudo biladi. Kelardi-yov. Meni zoriqtirmasdi, allaqachon kelib, ko‘zimni yoshlangani qo‘ymasdi. Qaydam, u oramizdan bekor ketmagan chog‘i, Muqa. Oramizdagi qadr-qimmatniyam o‘zi bilan olib ketgan. Burungilar xayr-u saxovatli odamlar bo‘ladi, deguvchi edi. Daneker o‘shalardan biri ekan. Bu rost.
Muqaning ko‘zlarida munchoqday yosh yiltiradi.
— Mayli, endi damingni ol. Erta turasan, shekilli, — dedi Chinorgul Muqaga qarab. — Bo‘lar-bo‘lmas gaplarni aytib boshingni qotirdim, a. Senga aytaman-da. Hartugul, hasratimni kimgadir to‘kishim kerak-ku. Shukur, ichimni bo‘shatdim, yengil tortdim. Endi uxlay qol, Muqa.
Hozir yorug‘ bo‘lganda Muqa Chinorgulning yuziga qaray olmasdi. Xayriyat, qorong‘u, shungayam shukr qildi.
Chinorgul enkayib uning ko‘rpasini to‘g‘riladi, Muqa ko‘nglini orziqtirgan bu mehribonlikdan allanechuk bo‘lib ketdi. Ko‘z o‘ngida ayoli Daneker gavdalandi...
* * *
Muqa to‘rg‘aylar tovushidan uyg‘onib ketdi. Tong otib qolibdi. Chinorgulning choyi qaynab yotibdi. Muqa ildam kiyinib, yuvindi. Chinorgul so‘riga dasturxon yoyib, samovarni olib keldi.
— Oymo‘gizni sog‘dim. Uvuzini ichib ko‘r, — deb Chinorgul tovoq to‘la uvuzni o‘rtaga qo‘ydi.
Uvuz suyulib qolibdi. “Oymo‘gizning bolalaganiga bugun uch kun bo‘pti”, xayolidan o‘tdi cholning. Ammo uvuz juda mazali. Muqa ozroq ichib, tovoqni Chinorgul tomon surib qo‘ydi.
Jo‘nash vaqti yetdi, biroq Muqa kechagidek ovuliga tezroq yetib olishga shoshilmasdi... U oldinda nimalar kutayotganini emas, ortda qolgan kunlarini o‘ylab xayolga toldi. Yoshlik chog‘lari ko‘z o‘ngida jonlana boshladi. Kecha tunab qaytgan ota makoni Toltug‘an... Chinorgul. “Kuzga yaqin Toltug‘anga bir borib, o‘riklarni sug‘orib qaytsam, — o‘yladi chol. — Ne’mat-ku, axir. Ko‘karib tursin. Ota makonimning tiriklik belgisi. Nobud bo‘lmasin... Chinorgulni ham, bolalarimga aytib, qishga yaqin ko‘chirib opketmasak bo‘lmas. Qanday bo‘lmasin ko‘chirib obketaman...”
Chinorgul ichkaridan uning choponini, qamchisi, chit matoga tugilgan o‘rikni olib chiqdi. Ikkisi yonma-yon yurib to‘riq yo‘rg‘a yoniga kelishdi. Muqa otini egarladi. Chinorgul kecha tikkan no‘xtani buzoqning tumshug‘iga kiygizmoqchi bo‘lib engashgandi, buzoq Oymo‘gizning bag‘riga tiqildi, biroq qochqoqlamadi. Chinorgul no‘xtalayotganda tanasi dir-dir titrab, tangaday ko‘zlarini undan uzmay qarab turdi.
Muqa otiga mindi. Oymo‘giz oldinga tushdi. Ancha joygacha Chinorgul buzoqchani yetaklab bordi. Ovul ortidagi qir beliga chiqishgach, buzoqchani qo‘yib yubordi. Muqa bilan qo‘l olishib xayrlashdi.
— Eson bo‘l, Muqa. Yana aylanib kelasanmi, kelmaysanmi... Eson bo‘l... Meni so‘raydiganlar bo‘lsa, Chinorgul yolg‘iz ekan, dema! Ota makonini, qarindosh-urug‘lari mozorini tashlab ketolmas ekan, de. Shunday degin, Muqa!
Chinorgul o‘zini qo‘lga oldi. Yig‘lamadi. Faqat tovushi qaltirab chiqdi.
— Xush qol, Chinorgul! — dedi Muqa ham tovushi titrab. Yana bir nima demoqqa holi kelmadi. Otini qamchiladi. Biroz yurgach, qayrilib ortiga qaradi, qir boshida Chinorgul hali ham oq ro‘moli shamolda hilpirab, qarab turardi...
Murod ABDULLAYEV tarjimasi.
Ïîäåëèòåñü çàïèñüþ â ñîöñåòÿõ ñ ïîìîùüþ êíîïîê: