Gyote tomirlarida oqqan turk qoni
Gyote tomirlarida oqqan turk qoniAuthor: Bekir Yilmaz
Turkchadan Miraziz A'zam tarjimasi
Publisher: "Ma'rifat" gazetasi
Publication date: 2008
Language:Uzbek/O‘zbekcha
Tarjimondan
Men bu maqolani Turkiyaning Konya shahrida 1991 yilda chiqarilgan Gyote haqidagi kitobdan olib tarjima qildim. Kitobning muallifi millati turk, ammo o‘zi Olmoniya fuqarosi bo‘lgan Bayram Yilmaz edi. Bayram Yilmaz 1960 yilda Federal Olmoniyaning Bochum shahrida shu yerlik turk muhojirlari oilasida tug‘ilgan bo‘lib, 1979-1983 yillarda universitetda olmon filologiyasi bo‘yicha tahsil olgan. O‘zining kitob so‘zboshisida aytishicha, Gyotening “Sharqu G‘arb devoni” haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni filologiya fanlari doktori, professor Jyurgen Link seminarida olgan. O‘sha yillardayoq “Sharq manbalari nuqtai nazaridan Gyotening “Sharqu G‘arb devoni” sarlavhali kurs ishi yozgan. 1983 yilda universitetni tamomlagandan keyin Gyote she’rlaridan turkchaga tarjima qilish bilan birga “Gyote va islomiyat” degan bir maqola ham yozgan. Maqolasi o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otganidan ilhomlanib u bu mavzuda dissertatsiya yozishga kirishgan. Tez orada fan nomzodi, keyin fan doktori bo‘lgan.
Bayram Yilmaz Gyote hayotini va ijodini tadqiq etarkan, ko‘pdan-ko‘p mua liflarning, masalan, Fisher-Lamberg, Hammer-Purgshtall, Knetts, Martin Kurt, Katarina Mommsen, Adam Olearius, Solbrig, Sommer kabilarning kitoblarini o‘qib chiqdi va o‘zini hayratga solgan bir qancha maqolalarni olmonchadan turkchaga tarjima qildi. Bular orasida Niels Hansenning kitobi ham bor edi.
Niels Hansenning 1927-28 yillarda Leyptsigda bosilib chiqqan “Gyotening tomirlarida turk qoni bormidi?” maqolasini turkchaga tarjima qilarkan, muallif izohlari qatoriga o‘z izohlarini ham qo‘shib e’lon qildi.
Quyida biz nemis olimining o‘sha maqolasini e’tiboringizga havola qilayotirmiz.
Gyote tomirlarida oqqan turk qoni
Silsilanomalarda Gyotening ajdodi oltinchi naslgacha rasman qaror topgan. Faqat shajarada yuqoridan pastga qarab tushilganda, Gyotening zotiga aralashgan odamlar orasida benihoya yuksak shaxsiyat sohibi bo‘lgan kishining zoti haqida biron narsa yoza olishimiz uchun oldimizdagi vasiqalarni takror-takror tadqiq etishimiz; Gyote ajdodlarining vujudga kelishidagi ilohiy hikmat ila iste’dodlaridagi favqulodda layoqatni anglash uchun ham butun kuch-quvvatimizni ishga solib Gyotening zotini kelajakka yozib qoldirishni o‘zimizga majburiyat deb bilishimiz zarur.
“Gyotega favqulodda fazilatlar irsiyat yo‘li bilan meros bo‘lib qolganmi?”- degan savolga “ha!” deya javob berish mumkin. Ularning zot o‘zagi diqqat bilan tadqiq etilganda, Olloh bergan juda muhim ba’zi qobiliyatlarning irsiy yo‘l bilan Gyoteda to‘plangani kuzatiladi. Ona tarafidan buvisi Anna Margarita Lindheymer ajdodi, to‘la-to‘kis aniqlanishicha, huquqshunos bo‘lganligi oydinlashmoqda. Undan tashqari, biz ularning katta bir aslzodalikka ega ekanliklarini ham ko‘ramiz. Chunki Lindheymerning qizlik familiyasi Seypdir. Anna Margaritaning ajdodlari Seyplar oqsuyaklar toifasiga mansub bo‘lib, bu oiladan chiqqan shaxslar (siymolar) olim, hakim, amir va san’at sohiblari edilar.
Anton Kippenberg ismli olmon tadqiqotchisi bir qancha yillar davomida “Kippenberg yilligi kollektsiyasi”ning uchinchi jildi uchun Pontanus guruhi bilan shug‘ullandi; uning aniqlashicha, bu guruhga xususan Lukas, Granach, kantsler Fridrix des Veysen va Grigorius Bruk daxldor ekanlar. Ahamiyati uncha kichik bo‘lmagan boshqa bir oila esa Soldan1 oilasi ekan. Uning ajdodi duragay turkdir. (Kim biladi, balki, arabdir?) Har neki bo‘lmasin, Soldan oilasi shunday bir ajralib turuvchi xususiyatlarga egaki, biz bu vasflarni Gyoteda ham kuzatamiz. Faqatgina sultonlarning oila a’zolariga xos bo‘lgan xususiyatlar Gyoteda to‘plangandir. Notiqlik sohibi Gyotening nasabiga daxldor uning boshqa ota-bobolarida biz bilgan bu xususiyatlarni topa olishimiz mumkin emas.
Sulton oilasiga mansub shaxslar ayni zamonda san’atkor ham edilar. Muhimi esa hessenlik haykaltarosh va o‘ta fazilatli bo‘lgan Filip Sulton (Soldan) islohotchi Martin Lyuterning zamondoshi edi. Buyuk shoir Gyotening tomirlarida aylangan bir tomchi turk qonining u uchun g‘oyatda muhim bo‘lishi uning nomi bilan qilinadigan tadqiqot uchun, albatta, diqqat qilishga arzigulikdir. Bizning nazarimizda, Gyotega daholik xususiyati irsiy yo‘l bilan meros bo‘lib o‘tgandir.
Doktor Knetts “Gyotening ajdodlari” nomli mufassal risolasida, shoirning salaflari bo‘lgan ikki Sultondan bahs yuritadi: Iogann Sulton va otasi Heynrix Sulton. Har ikkisi ham, Hessen mintaqasidagi Frankenberg shahrida yashaganlar. Iogann Sulton 1490-1507 yillar orasida Sulh huquq Mahkamasining faxriy a’zosi, sevikli xonimlarimizning inshoot me’mori, uzumchi-bog‘bon, shahar boshlig‘i (munitsipalitet raisi) va Frankenberg shahrining hisobchisi edi. Barcha bu vazifalar uning me’morlik kasbini tark etishiga sabab bo‘lolmagan, aksincha, u “Shahar Uy-Joy Qurilishi hay’ati a’zosi” bo‘libgina qolmay, prof. d-r Robert Sommerning “Gyotening porloq genetikasi” nomli asarida ham aytilganiday, Frankenbergdagi Qavmlar Ibodatxonasi2 ila munitsipalitet binosining ham me’mori bo‘lgan. Iogann Sultonning otasi Heynrix Sulton ham Frankenbergda olmon chaqasi pfennigning ilk ixtirochisi sifatida tanilgan sultondir. Doktor Knetts chiqargan shajara Heynrix Sulton bilan tugallanadi. Chunki u, bu sulton oilasining bir turk qavmidan bo‘lganligi ehtimolini ko‘zdan uzoq tutish uchun harakat qiladi3.
Turba (maqbara,mavzoley)dagi kelib chiqishi turk bo‘lgan bu oila, avvalo oila an’anasiga bog‘liq Sulton ismi bilan mashhurdir. Lekin hammaga ham ma’lumki, bunday rivoyatlarga duch kelgan kishi unga darhol ishonavermasligi kerak4. Prof. d-r Sommer tafsilotlarini keltirgan “Ajdodlar va genetika” nomli tadqiqotida, irsiyat yo‘li bilan o‘tgan ilm ustida to‘xtalgan. Biz esa, ayniqsa, shu tadqiqot bilan mashg‘ul bo‘lamiz.
Asir tushgan Sultonning zoti ikki xonimdan kelgan bo‘lib, bu oilaga oid ikki shajara bor. Bulardan birinchisi 1300 yildan 1600 yilgacha har ikki xonimdan davom etib kelgan umumiy silsilani qamrab olgan. Ikkinchisi esa, Sultonning nevara-evaralaridan allaqaysi biridan boshlanib kelgan shajaradirki, 1600 yildan hozirgacha davom etib kelayotir.
Ko‘hna kaliso qaydlari, qaydlar saqlanadigan temir daftardan5 va boshqa manbalardan qilgan tadqiqlar orqali qo‘lga kiritgan ma’lumotlariga ko‘ra, prof. d-r Sommer har ikki shajaraning ham hayratga soladigan bir shaklda tarixiy haqiqatlarga mos kelishini isbotladi. Ha, shunday qilib, zikr etilgan yozma manbalarning yuksak ilmiy kengash tomonidan tasdiqlangan bu ma’lumotlarning ishonarli ekanligi, benihoya sinchkovlik bilan qilingan tadqiq va ilmiy xulosa natijasi o‘rtaga qo‘yilgan bo‘ldi. To‘g‘risini aytish kerak bo‘lsa, islohot harakatlaridan oldingi davrda vasiqalarga asoslangan dalillar ham yo‘q desa arziydigan darajada oz edi hamda kalisolardagi oddiy bayonlarning tekshiruvdan o‘tkazilishi taxmin qilinganiday juda oson emasdi. Mana shuning uchun ham biz — yozma ma’lumotlar bo‘lsa-da — rivoyatlarga ko‘r-ko‘rona ishonmoqchi emasdik6.
D-r Knettsning prof. d-r Sommerdan iqtibos qilib isbotlagani kabi, Sulton oilasi XV asrda Vuttemberg viloyatining Brakkenheym shahrida istiqomat qilardi. Aytish mumkinki, biz aytgan Heynrix Sultonning ajdodi bundan buyon o‘sha yerda o‘rganiladi va bir natijaga kelinadi. To‘g‘risi, qo‘limizda mavjud bo‘lgan shajara esa bizga Brakkenheym aholisi ichida yashagan Melxior Sulton7ga ishora qilmoqdaki, uning ham nevarasining o‘g‘li Heynrixdir. Lekin, Gyotening ajdodi Iogann Sultonning o‘g‘li Heynrixdan emas, qizi Anna Soldan tarafidan kelmoqdadir. Bu — Melxiorning otasi ham turk Sadok Salim Sulton, ya’ni maxsus marosim bilan xristianlashtirilgandan keyin berilgan ismi bilan Iogann Sulton bo‘lgan bo‘lishi kerak. “Striyder” matbaasida suratga olib bosilgan bir parcha xabarida o‘sha oilaning bir keksa zotidan shunday bahs yuritilgan:
“Graf von Lechmotir, Sadok Selim Soldan ismli bir turk ofitserini asir olgan, yuksak jasoratli va ayniqsa kelishgan va sog‘lom bir kishi ekanligi sababli qisqa vaqt ichida uni polkovniklikka qaytargan, 1305 yilda maxsus marosim bilan xristianlikka o‘tkazgan va Iogann Soldan nomini berish bilan kifoyalanmay, yana unga bo‘lgan hurmati tufayli turk tug‘rosi (gerbi)ni ham bergan. Sodiq Salim Sulton 1304 yilda Rebekka Bergman ismli bir xonimga uylangan , bu qo‘shilishdan uzun bo‘yli – bizning hayratimizga sabab bo‘lgan uch pahlavonday Sulton – uch o‘g‘ilning otasi bo‘lgan. O‘g‘illarning ismlari: Eberhardus, Kristianus va Melxiordir. Mana shu uch Sulton Brakkenheymda, Qavmlar Ibodatxonasiga yaqin bir yerda turkcha usulda bir turba (maqbara)insho qilganlar. Ichida bir ota, uch o‘g‘il dafn qilingan bu turba hali-hanuz “Sultonlar kalisosi” deya yodga olib kelinmoqda8. 1328 yilda vafot etgan Sodiq Salim Sulton shu turbaga qo‘yilgan, turbaning ichidagi marmar toshga lotincha yozilgan shunday bir kitoba mavjuddir9:
Johann Soldan moritur anno Christi. Soldan hic primus moritur Christianus, Qui Turcico nominee et patria natus, Sanguine sed Christi hic publice lotus, Fide, vita, morte, sic pie sepultus.
Uning uch o‘g‘li ham o‘zi bilan birga ayni shu yerda dafn etilgandir (...)10
Bu shajara Gyotening muhtaram ajdodi ham lotincha bilganligiga hamda hakim-jarroh bo‘lganligiga ishora qiladi11. Bu haqdagi yana bitta xabar shundaydir: “Graf Reynhart von Vuttemberg 1304 yilda Quddusdan Vuttemberg viloyatining boshkenti bo‘lgan Brachana12 shahriga kelarkan Sadok Selim Sultonni ham o‘zi bilan birga olib keladi, 1205 yilda Sadokka Yohannes kalisosida maxsus marosim qilib Yohannes Soldan ismini beradi. Va asir Sulton grafning izni-ruxsati bilan Anna Delcher va Rebekka Bergman ismli xonimlarga uylanadi, bu ikki xonimidan yigirma yil ichida o‘n bir o‘g‘il ko‘radi.”
Sodiq Salim va uning o‘g‘illari haqidagi xabarlar shunday aniq bo‘lishiga qaramay, shajaraning silsilasi Heynrix Glaubenga qadar keladi. Keyinroq esa Gyotening turklik ila munosabati g‘oyat ochiq-oshkor bir shaklda isbotlangan bo‘ladi. Sommer, olib borgan tadqiqotini nashr qildirgan vaqtda13 Sultonlar sulolasi bilan Gyotening bir munosabati bor-yo‘qligini bilmas edi14. Sodiq Salim Sulton haqida mavjud ikki xabar manbai bor, ikkisi ham xonimlarining ismlariga borilguncha hech bir uzilishga uchramasdan bir-birini quvvatlaydi. Shajarada uzilish yo‘q, lekin zikr qilingan o‘n bir o‘g‘ilning sanog‘i uchtaga tushiriladi, o‘g‘illarning sakkiz nafari rohiblik kasbini tanlaganlari tufayli boshqa bir yerda zikr etilgandir, shu yo‘l bilan oila davomiyligi e’tibordan ehtimol uzoq tutilgandir.
(Bu sakkiz o‘g‘il shajaraga dohil etilmagan.) Har ikki rivoyatning ham uyg‘un kelishi, masalaning eng kam qismiga asoslanib turli manbalarga suyanilganini ko‘rsatadi. Xo‘p, yaxshi, bu manbaning haqqoniylik darajasi qaysi dalilga suyanadi? Endi buni ham izoh qilaylik. Falastinda xristianlar armiyasining qarorgoh joyi bo‘lgan OQQO QAL’ASI 1291 yilda musulmonlarning qo‘liga o‘tdi. O‘rta asr shovalelari (qahramonlari) yillarcha davom etgan jangni tashlab ortga chekinishga majbur bo‘lgandilar. Ma’lumdirki, Rodos shovalelari Rodos oroliga, olmon shovalelari esa Olmoniya tuproqlariga qaytdilar. Keyinroq, Rodoslilar Prussiyaning bir mustamlakasiga va ba’zilari esa Boltiq Dengizi viloyatining15 bir eliga aylandilar.
Bu turdagi o‘zgarishlar yuz berarkan, olmon shovalelari ham Olmoniya sathlariga tarqalmoqda edilar. Ana o‘shalarning biri turk sultonini Sharqdan G‘arbga, Olmoniyadagi yurtiga birga olib kelgan edi. U kishining nomi hech shak-shubhasiz Graf Lechmotir edi. Lechmotir bilan al-Mothara ismi bir ma’noda ekanligi ehtimoli juda katta. Lechmotir (-al-Mothara) olmon shovalelarining strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Suriya shaharlaridan birining otidir. Graf von Lechmotir16 shajarasidan ko‘rinib turibdiki, bu shaxs Graf von Vuttembergning aynan o‘zidir. Suriyada ekanligida o‘zi ishg‘ol qilgan jang maydonida joylashgan yerini juda yaxshi mudofaa qilgan va shu asnoda Sodiq Salim Sultonni asir olgandi.
Hozirgi Baden-Vyurtemberg viloyatining chegaralari doxilida bo‘lgan Brakkenheym shahri axolisi olmon shovalelari bilan juda yaqin munosabatlarda bo‘lganligi, yuqorida bahs qilganimiz xabarlar vositasi ila qo‘lga kiritilgan, Shtoksberg Saroyi ham xuddi XIV asrning boshlarida olmon shovalelarining markazi bo‘lgan Brakkenheymda barpo etilgandir17. Mana shunday sharoitlarda yashagan birinchi sultonning ahvolini qanday izohlash mumkin? Qo‘lda shuncha ishonchli dalillar bor ekan, bir avlod boshqa bir avlod bilan nega va qanday aralashtirildi endi? Ha, mavjud bo‘lgan shuncha vasiqaga qaramay, Sultonlar turbasiga oid va Sulton o‘g‘illariga oid biron ishonchsizlik uyg‘otuvchi dalil bormi? Tabiiyki, Brakkenheymdagi “Rodos shovalelari kalisosi”18ning qurilish uslubi ham XIV asrning dastlabki uch choragidagi me’moriy xususiyatga ega va unda o‘sha asrga xos bo‘lgan bir lavozim xonasi bordir (Prof. d-r Sommer olib borgan tadqiqlari natijasida shunday xulosaga kelgan), bu lavozim xonasini olim, kalisoning bir qismi va turk usuli turba sifatida ta’rif va tavsif etadi19. Bundan tashqari, Sultonning Brakkenheymda 1383 yili temir sandiq hujjatlarida qayd qilingan ko‘p miqdorda qo‘zg‘almas mulklar bo‘lganligi va ular bu yerda chakana rol o‘ynamaganligini ifoda etadi Sommer20. Shulttsheysendagi qo‘zg‘almas mulklarning Brakkenheymdagi-lardan yanada ko‘proqligi favqulodda hodisadir. Bularning bari, shajarani isbotlash uchun aytilganligi ko‘rinib turibdi. Bu esa bizga xalq orasida sevilgan va e’tibori katta bo‘lgan Sulton uchun oddiy bir turba qurilganligini ko‘rsatadi.
Ko‘rilganiday, shajaraning hech bir xabari soxta emas, asldir, hujjatlarning hammasi ham shajaraga uyg‘un bo‘lib, qo‘lda mavjud bo‘lgan temir sandiq ma’lumotlari, kaliso qaydlari va boshqa ochiq-oydin vasiqalar XIV asrgacha bo‘lgan shajaraning hatto vafot tarixi bilan birga to‘g‘riligini tasdiq etadi. Agar qo‘lga kiritilgan vasiqalar asl naslning Sharq mamlakatidan kelgani xabarini tayin qilmasaydi, biz bunga inonmas edik21.
Turk yoki arab bo‘lishi ehtimoli — agarki, Gyotening tomirlarida o‘shandoq bir qon aylangan bo‘lsa ham – buni shunchaki g‘aribgina, g‘alati bir voqea sifatida baholash mumkin22. Ilmiy jihatdan bir so‘rov: ajabo, Sulton qonining Gyotening shaxsiyatiga ta’siri qay darajadadir? Mana shu savol, aslo shundoq bee’tibor qoldiriladigan, chetga suriladigan bir narsa emas. Agar, sulton oilasining tarixiy silsilasi batafsil tarzda tadqiq etiladigan bo‘lsa, bu oilaning siymolaridagi xarakterli xususiyatlar darhol ko‘zga tashlanadi. Bu xususiyatlarni hozir ham ochiq-ravshan ko‘rish mumkin. Qilingan tajriba va kuzatishlar, bir oilaning o‘ziga xos tabiatini himoya etilishining uzoq vaqt qarindoshlar orasidagi uyli-joyliliklarning ijro etilishi bilan mumkin bo‘lishini ko‘rsatayotir. Yana shunisi ham borki, oilaning tabiati doimo ona tarafiga tortadi23, bolada ona tarafining o‘ziga xosliklari ko‘zga tashlanadi va begona qonning aylanib yurishiga mone’lik qiladi. Iste’dodining esa, irsiyat yo‘li bilan o‘tish-o‘tmasligi masalasi hanuz ilmiy jihatdan isbotlanmagani uchun, bizning bu savolimiz bir xulosa chiqarishga olib kelmasin24. Sulton oilasining bir qancha muhim fazilatlaridan bahs etib, masalaga muhr bosish va bu masalaning hal etilishini taklif etish va maqsadimiz nimaligiga ishorat qilishni xohlaymiz.
Qadim Sulton sulolasi uch o‘g‘il orqali uch uruqqa bo‘linib ketgani bizga ma’lum. Bulardan biri, yuqorida nomi zikr etilgan Melxiordir. Melxiorning uch o‘g‘lidan biri Brakkenheym va unga yaqin yerlarda komilligi va jangovarligi bilan tanilgan va XVI asrda yuz bergan Lyuterchilik oqimi-da ko‘p ishlar qilgan harakatchan bir rohibdir. Ikkinchisi Frankenbergda xuddi shunday nom qozongan rohib. Uchinchisi esa oldin Valdekischenga, keyin Frankenbergga joylashgan, ayni zamonda zargarlik, rassomlik va haykaltaroshlik kabi ko‘p san’atlarda ustodlik darajasiga ko‘tarilgan bir siymodir. Mana, ko‘rinib turibdiki, dunyoqarashi va bilimlari benihoya keng bo‘lgan olim va shoir Gyote muhim shaxsiyat bo‘lmish Filip Sultonning zotidan kelgan. L.Bikkel va keyingi paytlarda Albrext Kippenbergning monografiyalarida Filip Sulton haqida mufassal ma’lumotlar berilgan. Jumladan, u 1500 yillarda mashhur Eysenhutten Klosters hainada chevarlik (tikuvchilik) san’atida yangi va o‘ziga xos modellar yaratishda bir yo‘l ochgan.
Mashhur daho sohibi Gyotening shajarasi qadim Sultonning ikkinchi nasliga, ya’ni nevarasi Filipga ulanadi. Irsiyat vorisligining bilinmay qolgan shajaralarini, umuman olganda, zotli shaxsiga tanho egalik yo‘li bilan kuzatadilar. Holbuki, bular, nasldan naslga tuproqning ostidan ummonlarga oqib ketgan irmoqlar kabidir, ba’zan qarab tursangiz, to‘satdan tuproq yuziga chiqaveradi, bular o‘zgargan oilalar ichida g‘oyib bo‘lganday bo‘lsalar ham, takroran birisining, boboning xususiyatlarini o‘zida jam etib quyosh nuriday zuhur etganini ko‘rasiz. Lekin bizning bu xususdagi xulosamiz shunday: Sultonning qon-qarindoshlik jihatdan kimlarga talluqli ekanligini isbotlovchi xususiyatlar Gyotening san’at sohasidagi hunariga teskari kelmoqdadir25. Vasiqalar orasidan ayirib olib tashxis eta olish darajasida Sulton oilasining har uch urug‘idan kelgan kishilarida mushtarak bir nuqtada xarakterli bo‘lgan jihatlari mijozlari va qobiliyatlaridir. Prof. d-r Sommer, bu irsiy xususiyatni asoslarkan, shunday formulani o‘rtaga tashlaydi: “Favqulodda bir kalima xazinasiga, hayajonli va shafqat uyg‘otuvchi bir uslubga — bu uslub ajoyib ritmga va musiqiy xislatga ega — va nihoyat tasavvurlarida hayajonli va otashin xitobotga sohib bo‘lishlari, ulardagi qobiliyatlarni va qalblaridagi hurriyat ishqini ko‘rsatuvchi yagona sifatlaridir26.” Bu sulolaning iste’dodlari juda ko‘p taraflamadir, lekin bularning faqat ba’zilari Gyoteda yuzaga chiqqandir. Faqat Gyotening yoshlik yillaridayoq daholik sifati asosli bir tarzda o‘zini his ettiradi. Sultonlar sulolasining shaxsiyatlarini, o‘z milliy shaxsiyatlarimiz bilan solishtirganimizda, rohiblik kasbini tanlagan kimsalarning bu sulolada yanada ko‘payganini ko‘ramiz. Ha, xulosa qilib aytganda, ahvol shunaqa. Barcha bu izohlarimiz natijasida Sultonlar ila Gyote orasida irsiy bir meros ko‘ra olamizmi? Ajabo, turk millatini irsiy merosning sohibi Gyotening salafi sifatida qabul qila olamizmi? Bularning hammasi — ozmi, ko‘pmi, — o‘quvchining mutolaasiga qoldirilgandir. Undan tashqari, bugungi ilmda, vorislik masalasi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Shunga qaramay biz,qo‘limizdagi ishonchli ma’lumotlarni rad etmasdan baholay olsak, shu masala shaksiz bir haqiqat o‘laroq qarshimizga chiqadi. Sulton oilasi bilan birlikda boshqa sulolalar ham hech shubhasiz Gyotega juda muhim xususiyatlarni qoldirganlar. Ilmiy vijdonimizdan o‘rin olgan ob’ektiv (xolis) bo‘lish shartimizga va samimiy bo‘lishimizga qaramay, bu kichik ish bilan, to‘g‘risi, xayolan bo‘lsa-da, Gyotening dunyosini qizg‘andim.
Izohlar
1 Soldan: har qaysi millat begona tildan o‘zlashtirilgan bir ismni darhol aslidagiday talaffuz qilishi qiyin. Olmonlar ham “Sulton” ismini turkchadagi kabi talaffuz etishga qiynalganlari uchun “Soldan” shaklida ifoda qilganlar. Bugun ham Olmoniyada yashayotgan turklarning ismlarini aslidagiday emas, qanday qulay bo‘lsa shunday ifoda qiladilar. Chunonchi, “Sodiq” ismini “Sadok” va “Sadoch” shaklida talaffuz etadilar va shu tarz yozadilar.
2 Qavmlar Ibodatxonasi olmonchada Pfarkirchedir.
3 Doktor Knettsning bu harakatini ko‘rsatib o‘tgan Niels Hansen esa Brakkenheymdagi turk turbasini bilib-bilmaslikka oladi yo yashirishga urinadi.
4 Bir qancha vasiqa-hujjat bilan isbot bo‘lgan bu masalaga hamon shubha bilan qarashni faqat g‘arazgo‘ylik deb izohlash mumkin.
5 Sultonlarning ko‘chma va ko‘chmas mulklari uchun uy hayvonlari ham doxil bo‘lgan holda davlatga to‘lagan soliqlarigacha barcha ma’lumotlar bor.
6 Haqiqat yozma vasiqalar bilan isbotlangan bo‘lishiga qaramay, muallif shubhachilik bilan haqiqatlarni buzishga harakat qiladi.
7 Melxior Sulton asir tushgan Sodiq Salim Sultonning o‘g‘illaridan biridir.
8 “Sultonlar kalisosi” deya zikr etilgan joy to‘g‘risida “Sultonlarning maxsus bir ibodat yeri bo‘lsa kerak” yoki “Bu mozor sultonlarning o‘zlariga tegishli turbasidir” degan munaqqidlar bo‘lganidek, har ikkala taxminni ham rad etib “Qabriston g‘usulxonasi” deguvchilar ham bor. Bizningcha, u yer Sultonlarning , hayotligida ibodatxona sifatida foydalangan va ayni chog‘da o‘lgandan keyin dafn etiladigan turk usulida qurilgan bir turbadir.
9 Niels Hansen bu maqolasida , prof. d-r Sommerning tadqiqiy asarida o‘qigani bu kitobadan hech bahs qilmay masalani ko‘zdan yiroq tutishga urinadi. Sommer, o‘z xonimining shajarasini o‘rgangan asnosida xonimi ila shaxsan shu turbaga qadar, kerakli kuzatuvlar olib boradi va turba binosi oldida xonimining rasmini ishlattiradi.
10 Qarang: Sommer, yuqorida nomi keltirilgan asar.
11 Qarang: Sommer, yuqorida nomi keltirilgan asar. Sultonlar oilasining shajarasi kitobning so‘ngida ilova qilib berilgan.
12 Hozirgi Brakkenheym shahri.
13 Prof. d-r Sommer. Ajdodlar va genetika. Leyptsig — 1907.
14 Sommer Gyotening Sultonlar oilasidan ekanligini bilmasdi. Lekin Gyote shaxsan o‘zi bu haqiqatdan xabardor edi. O‘z asarlaridan birida u bunga shunday ishora qiladi: “Men Uni (Ollohni) bir turk kabi yuz ismi bilan tasbih etsam, yanada yetmaydi, chunki u, so‘ngi bo‘lmagan sifatlari ila sifatlangandir.”
15 Boltiq dengizidagi orollar nazarda tutilgan.
16 Suriyada Elmothara mintaqasida urush qilgani uchun, o‘sha yerga nisbat berib bu laqab berilgandir.
17 O‘rta asr Ovruposida tsivilizatsiya (umuminsoniy taraqqiyot, madaniy yuksalish) uchun hech qanday iz qoldirilmayotgan bir paytda, bu saroyning me’morligini (Sulton Olmoniyaga keltirilgan yillarda ) va loyihasini kim qilgan? - degan savolga, hech shubhasiz, turk Sodiq Salim Sulton yo o‘g‘illaridan biridir, deya javob berish dalillarga asoslangandir.
18 Bu kaliso me’mori ham Sodiq Salim Sulton yoki o‘g‘illaridan biri bo‘lganligi ehtimoldan uzoq emas.
19 Qarang: Sommer, yuqorida nomi keltirilgan asar. Sh.128.
20 Qarang: yuqorida nomi keltirilgan asar. Sh.139-142.
21 Juda noaniq bir jumla.
22 Bu, Niels Hansenning hech bir vasiqaga, ilmiy xulosaga ham asoslanmagan shaxsiy g‘arazli xulosasidir.
23 Niels Hansen bu yerda ham, dalaga ekilgan urug‘ning ahamiyatini kamsitib, mahsulot uchun faqatgina shudgorning ahamiyati kattadir, degan ilmga zid da’voni o‘rtaga tashlagan.
24 Bu maqola 1927-28 yillarda yozilgan.U vaqtda hozirgacha tibbiyot ilmida qayd etilgan katta jarayonlar, zehniy iste’dodning ham vorislik yo‘li bilan nasldan naslga o‘tishi isbotlangandir.
25 Gyote me’morlik, tikuvchilik, zargarlik kabi san’atlar bilan mashg‘ul bo‘lmagan, ammo adabiy san’atning har turida asarlar yaratgan, undan tashqari tabiiy ilmlarda tadqiqot ishlari qilgan, davlat arbobi bo‘lganidek, yana advokatlik va tarjimonlik bilan ham mashg‘ul bo‘lgan.
26 Musulmon turk millati asirlikni qabul etmaydi. Lekin urushning bir jilvasi o‘laroq, asir tushgan bu Sulton, islomda o‘z joniga qasd qilishning harom hisoblanishi sababli xristian bir jamiyat ichida qanday ishlar qilish mumkinligini o‘ylagan bo‘lishi kerakki, o‘z zamonining zayliga ko‘ra bolalarini eng yaxshi shaklda ulg‘aytirgan, mehnatsevarlikni, g‘ayrat-shijoatni, ilmni, madaniyatni va turli hunarlarni o‘rgatib begona millatning hurmatini qozongan. Federal Olmoniyada sanog‘i ikki millionga yaqin bo‘lgan biz musulmon turklar har sohani qamrab oluvchi o‘zligimizni uning bilan muqoyasa qilgan chog‘imizda uning, asirlik hayotida yolg‘iz boshi bilan qilgan ishlaridan qancha-qanchasini qila oldik. 30 yilga yaqin vaqt ichida ilm va texnikaning insoniyatga taqdim etgan imkonlariga ham ega bo‘lganimiz holda, turli guruhlarga bo‘linib, bir-birimiz bilan olishganimiz olishgan; nasllarimizga qoldirishimiz mumkin bo‘lgan hech qanaqa merosimiz ham yo‘q darajada!
Ïîäåëèòåñü çàïèñüþ â ñîöñåòÿõ ñ ïîìîùüþ êíîïîê: